Pokistonda harbiylar ketayotgan poyezd portlatildi

Foto: Reuters
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Pokistonning Balujiston viloyatida poyezd portlatilishi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi. Yana 70 kishi jarohat oldi.

Portlash yakshanba kuni ertalab Kvetta shahridagi Chaman Fatak bekati yaqinida yuz berdi. Kvetta Pokiston g‘arbidagi Balujiston viloyati markazi hisoblanadi. Poyezdda asosan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bo‘lgan. Ular Ramazon hayiti munosabati bilan uylariga qaytayotgan edi.

BBC Urdu ma’lumotiga ko‘ra, portlashdan so‘ng poyezdning lokomotivi va uchta vagoni relsdan chiqib ketgan. Yana ikki vagon ag‘darilgan. Balujiston hukumati hujum uchun «Balujiston ozodlik armiyasi» separatistik guruhini aybladi. Rasmiylarga ko‘ra, portlash xudkushlik hujumi bo‘lgan.

Foto: Getty images

Guruh avvalroq hujum uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan edi. Guvohlarning aytishicha, portlovchi modda ortilgan avtomobil harakatlanayotgan poyezdga borib urilgan. Mahalliy aholi vakili Nosir Ahmad portlash vaqtida poyezdda yo‘lovchilar bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, portlash kuchidan yaqin atrofdagi uylarning oynalari sinib ketgan.

Halok bo‘lganlar orasida uch nafar harbiy ham bor. Jarohatlanganlarni qabul qilayotgan shifoxonalarda favqulodda holat e’lon qilindi. Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif hujumni keskin qoraladi. U bunday terrorchilik harakatlari Pokiston xalqining irodasini sindira olmasligini ta’kidladi.

Rasmiylarga ko‘ra, poyezd Kvetta yaqinidagi harbiy qarorgohdan shaharning asosiy temiryo‘l vokzaliga ketayotgan edi. Yo‘lovchilar u yerdan Peshovarga, so‘ng o‘z shaharlari va qishloqlariga yo‘l olishi kerak bo‘lgan. Balujistonda poyezdlarga qarshi hujumlar avval ham sodir bo‘lgan. So‘nggi ikki yil ichida «Jaffar Express» poyezdi bir necha bor qurolli guruhlar nishoniga aylangan.

Qaynoq24.uz Pokiston Kobulga aviazarba bergani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.