Etna otilishi Kataniya aeroporti ishini chekladi

Foto: Anadolu
Mohinur Rajabova
1 Daqiqa o‘qish

Italiyaning janubida joylashgan Etna vulqonida yana kuchli faollik kuzatildi. 5-iyul kuni ertalab vulqonning Vorajine krateridan kul otilishi kuchayib, bu Kataniya xalqaro aeroporti faoliyatiga ta’sir qildi.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, Etna cho‘qqisidagi Vorajine kraterida 26-iyunda yoriq paydo bo‘lganidan keyin vulqon faolligi davom etgan. Bugun ertalab esa kraterdan intensiv tarzda vulqon kuli otila boshlagan.

Italiya Milliy geofizika va vulqonshunoslik instituti huzuridagi Etna observatoriyasi ma’lumotiga ko‘ra, kul otilishi mahalliy vaqt bilan taxminan 07:45 da boshlangan. Soat 08:45 ga kelib esa uning jadalligi sezilarli darajada oshgan.

Mutaxassislarning baholashicha, kul ustuni taxminan 1,5 kilometr balandlikka ko‘tarilgan. Meteorologik ma’lumotlarga ko‘ra, yaqin soatlarda kul buluti janubiy yo‘nalishda siljishi kutilmoqda.

Vulqon kuli fuqaro aviatsiyasi parvozlariga ham ta’sir ko‘rsatdi. Kataniya shahridagi Vinchenso Bellini nomidagi xalqaro aeroportni boshqaruvchi SAC kompaniyasi Etna vulqonidagi faollik sababli aeroportga keluvchi reyslar vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Kataniyadan amalga oshiriladigan parvozlar cheklangan tartibda davom etmoqda.

Yo‘lovchilarga aeroportga borishdan oldin o‘z reyslari holatini aviakompaniyalar orqali aniqlashtirish tavsiya etildi. Cho‘qqi kontinental Yevropadagi eng baland faol vulqon hisoblanadi. Uning balandligi taxminan 3,3 ming metrni tashkil etadi.

Qaynoq24.uz Filippindagi Mayon vulqoni otilgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.