Qashqadaryo viloyatida tekshiruvni fuqaro foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan IIB xodimi ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Dehqonobod tumanida yashovchi 1983-yilda tug‘ilgan ayol va uning 2009-yilda tug‘ilgan qizi bilan bog‘liq holat yuzasidan viloyat IIB tomonidan tekshiruv olib borilayotgan bo‘lgan. Ularning telefonlarida diniy mazmundagi taqiqlangan materiallar aniqlangani aytilgan.
Shu vaziyatdan foydalangan 1978-yilda tug‘ilgan shaxs tekshiruvni tanishlari orqali ularning foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan. U ushbu xizmat evaziga 3 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan. Tezkor tadbir davomida mazkur ishga aloqador yana bir holat aniqlangan. Qashqadaryo viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati tezkor vakili masalani ijobiy hal qilib berish evaziga vositachidan 2,5 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda IIB xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Vositachilik qilgan shaxsga nisbatan esa Jinoyat kodeksining 212-moddasi bilan ish ochilgan. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz besh hududda 951,2 mln so‘mlik elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgan edi.

