O‘zbekistonda 31 yoshgacha bo‘lganlarga 100 mln so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi qarorga ko‘ra, “Aloqabank” tomonidan “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida 31 yoshga to‘lmagan fuqarolarga kreditlar ajratiladi. Kredit muddati 7 yilgacha bo‘ladi. Kreditlar Markaziy bank asosiy stavkasidan 4 foizlik punkt yuqori stavkada beriladi. Asosiy qarz bo‘yicha 1 yilgacha, foiz to‘lovlari bo‘yicha esa 3 oygacha imtiyozli davr belgilanadi.
Yoshlar sug‘urta polisi ta’minoti yoki uchinchi shaxs kafilligi asosida 100 mln so‘mgacha imtiyozli mikroqarz olishi mumkin bo‘ladi. Xorijiy til, raqamli texnologiyalar va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rganish uchun 20 mln so‘mgacha kredit ajratiladi. Bu mablag‘ o‘qish xarajatlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Zamonaviy kasblar bo‘yicha loyihalar uchun 50 mln so‘mgacha kredit beriladi. Bunga ijtimoiy tarmoqlar marketingi, mobilografiya, frilanserlik, internet do‘konlar tashkil etish va o‘zini o‘zi band qilish faoliyati kiradi.
Kasanachilik, to‘qimachilik mahsulotlarini tayyorlash, tikuvchilik va mahsulotlarni qayta ishlash yoki sotish loyihalari ham moliyalashtiriladi. Bunday yo‘nalishlar uchun 50 mln so‘mgacha kredit ajratiladi.
Novvoychilik, shirinliklar tayyorlash va sotish loyihalari uchun esa 100 mln so‘mgacha imtiyozli kredit berilishi belgilandi. Yangi tartib yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy kasblarga jalb qilish va bandligini oshirishga qaratilgan.
Qaynoq24.uz yuqori natijali 100 tadbirkorga 300 mln so‘mgacha grant berilishi haqida yozgan edi.


