Andijonda “Soliq Mobile” orqali 35,1 mlrd so‘m talon-toroj qilingani aniqlandi

Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Andijon viloyatida bir guruh shaxslar “Soliq Mobile” ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m budjet mablag‘larini “keshbek” sifatida talon-toroj qilgani fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi. Unda 6 nafar fuqaro va boshqalar o‘zaro til biriktirgani aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular uch nafar fuqaro nomiga jami 9 ta MCHJ tashkil qilgan. Xususan, fuqaro O‘.Q. nomiga 3 ta, fuqaro N.Yu. nomiga 5 ta va R.X. nomiga 1 ta MCHJ ochilgan.

Tekshiruvda ushbu MCHJlar o‘rtasida real moliyaviy aloqalar bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan. Shunga qaramay, kompyuter texnikasi yordamida 2026-yilning mart-aprel oylarida 1,1 trln so‘mlik mahsulot yetkazib berilgani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan.

Shundan so‘ng savdodan tushgan mablag‘lar go‘yoki onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingani ko‘rsatilgan. Fuqarolarga mahsulot sotilgani haqida xarid cheklari chiqarilgan.

Natijada jami 100 458 nafar fuqaro nomiga “Soliq Mobile” ilovasi orqali “keshbek” to‘lab berilgan. Tergovga qadar tekshiruvda bu orqali 35,1 mlrd so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan. Shuningdek, Andijon viloyati soliq boshqarmasining ayrim mas’ul shaxslari faoliyati ham o‘rganilgan. Ma’lum bo‘lishicha, ular MCHJlar tomonidan 1,1 trln so‘mlik hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilgani bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmagan.

Xususan, korxonalarning QQS guvohnomalarini bekor qilish choralari ko‘rilmagani aytilmoqda. Bundan tashqari, shubhali operatsiyalar haqida Departament organlariga xabar berilmagani ham ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Qaynoq24.uz to‘rtta hududda 6,7 mlrd so‘mlik mineral o‘g‘itlar talon-toroji aniqlangani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.