O‘zbekistonda sug‘urta agentlari faoliyatiga doir talablar belgilandi. Adliya vazirligi «Sug‘urta agentlari to‘g‘risida»gi nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga ko‘ra, sug‘urta agenti sug‘urtalovchi nomidan va uning topshirig‘i asosida ishlaydi. U sug‘urta shartnomasini tuzish va uning bajarilishini tashkil etish bilan shug‘ullanadi. Sug‘urta agenti jismoniy yoki yuridik shaxs bo‘lishi mumkin.
Sug‘urta agenti va sug‘urtalovchi o‘rtasidagi hamkorlik topshiriq shartnomasi yoki agent bitimi asosida yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu shartnoma tuzilgan kundan boshlab bir kun ichida sug‘urtalovchi tomonidan Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimida qayd etiladi. Shundan so‘ng sug‘urta agentiga ID raqam beriladi.
Sug‘urta agenti vositachiligida tuzilgan shartnomalar bo‘yicha komissiya miqdori ham belgilandi. U sug‘urtalovchining bank hisob raqamiga kelib tushgan sug‘urta mukofotlarining 25 foizidan oshmasligi kerak. Sug‘urtalovchi sug‘urta agentlari faoliyatini har olti oyda kamida bir marta monitoringdan o‘tkazadi.
Istiqbolli loyihalar milliy agentligi insofsiz sug‘urta agentlari reyestrini yuritadi. Ushbu ro‘yxat agentlikning rasmiy veb-saytida barcha foydalanuvchilar uchun ochiq e’lon qilinadi. Bundan tashqari, bank krediti bilan bog‘liq sug‘urta shartnomasi tuzilganda sug‘urtalovchi mijoz tomonidan ixtiyoriy tanlanadi.
Qaynoq24.uz kimyo sanoatida $17 mlrdlik loyihalar amalga oshirilishi haqida yozgan edi.


