AQSh va Eron o‘rtasida Fors ko‘rfazida yangi harbiy to‘qnashuv yuz berdi. Bu 8-apreldan beri amalda bo‘lgan sulhdan keyingi eng yirik zarbalardan biri bo‘ldi.
Eron Inqilobiy gvardiyasi 3-iyunga o‘tar kechasi Quvayt va Bahraynga ballistik raketa va dronlar uchirdi. Tehron nishonlar AQShning mintaqadagi harbiy bazalari bo‘lganini bildirdi. AQSh harbiylari esa bunga javoban Hormuz bo‘g‘ozidagi Qeshm orolida joylashgan Eron harbiy obyektiga zarba berdi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi bir nechta ballistik raketa va dronlar tutib qolinganini ma’lum qildi. Shuningdek, mintaqa suvlarida bo‘lgan fuqarolik kemalariga yo‘naltirilgan uchta Eron droni urib tushirilgani aytildi. Centcom Eron Inqilobiy gvardiyasining Bahrayndagi AQSh harbiy-dengiz bazasiga zarba berilgani haqidagi bayonotini rad etdi.
Yangi zarbalarga 2-iyun kuni Xark oroli yaqinida yuz bergan voqea sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ushbu orol Eron neft eksporti uchun muhim hududlardan biri hisoblanadi. AQSh harbiylari Amerika dengiz blokadasiga qaramay, Eron portiga kirishga uringan bo‘sh neft tankeriga hujum qilgan. Kema ogohlantirishlarga bo‘ysunmagani va raketa zarbasidan keyin ishdan chiqarilgani bildirilgan.
Eron harbiy vakili javob zarbalarini tasdiqladi. U Hormuz bo‘g‘ozi xavfsizligiga har qanday tahdid AQSh harbiylariga qimmatga tushishini aytdi. Bu sulh boshlanganidan beri birinchi zarbalar almashinuvi emas. Ammo har bir yangi hujum mintaqada urush yana kengayishi mumkinligi haqidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.
To‘qnashuvlar AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralar fonida yuz bermoqda. Tomonlar urushni yakunlash va Hormuz bo‘g‘ozini kemalar qatnovi uchun qayta ochish bo‘yicha kelishuvga erishishga urinmoqda. Hormuz bo‘g‘ozi jahon iqtisodiyoti uchun muhim yo‘lak sanaladi. U orqali neft, suyultirilgan tabiiy gaz va o‘g‘itlar eksport qilinadi.
Eron AQSh va Isroil hujumidan keyin bo‘g‘oz ustidan nazorat o‘rnatgan. AQSh esa Eron neft eksportiga to‘sqinlik qiluvchi dengiz blokadasini joriy qilgan.
Kelishuvdan darak bormi
AQSh prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralar davom etayotganini aytdi. U muzokaralar to‘xtagani haqidagi xabarlarni «feyk va dezinformatsiya» deb atadi.
«Ular qayerga olib borishini bilmayman. Ammo men Eronga aytdim: qanday bo‘lmasin, kelishuv tuzish vaqti keldi», deb yozdi Tramp Truth Social platformasida.
Avvalroq Eronning Fars va Tasnim agentliklari muzokaralar to‘xtatilgani haqida xabar bergan edi. Ular buni Isroilning Livandagi «Hizbulloh»ga qarshi urushi davom etayotgani bilan bog‘lagan. Tramp 1-iyun kuni Livanda jangovar harakatlar to‘xtatilganini e’lon qilgan. 3-iyun kuni Vashingtonda Isroil va Livan vakillari o‘rtasida siyosiy muzokaralar qayta boshlanishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz Eron Kuvaytdagi AQSh bazasiga zarba bergani haqida yozgan edi.


