JSST Ebola tarqalishida xavfli kontaktlarning faqat 45 foizini kuzatmoqda

Foto: Reuters
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Kongo Demokratik Respublikasi va Ugandada Ebola tarqalishini to‘xtatish bo‘yicha choralar yetarli emasligini ma’lum qildi. Tashkilot epidemiologlar xavfli kontaktlarning hozircha faqat 45 foizini kuzata olayotganini bildirdi.

JSST bosh direktori Tedros Gebreyesusga ko‘ra, virus tarqalishining oldini olish uchun bu ko‘rsatkich kamida 90 foiz atrofida bo‘lishi kerak. Hozirgi daraja esa kasallik zanjirini to‘liq uzish uchun yetarli emas. Ma’lumotlarga ko‘ra, kasallanganlar soni 340 nafardan oshgan. Ebola oqibatida 60 ta o‘lim holati qayd etilgan.

Mutaxassislar tarqalish Bundibugyo shtammi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Ushbu shtamm yanvar oyidayoq sezilmasdan tarqala boshlagan bo‘lishi ehtimoli bor. Bu holat shifokorlar va epidemiologlar ishini yanada murakkablashtirmoqda. Ugandada hozircha 15 ta kasallanish holati tasdiqlangan. Mamlakatda bir kishi vafot etgani ma’lum qilindi.

Tedros Gebreyesusning aytishicha, ayni paytda 116 nafar gumonlanuvchi bemor test natijalarini kutmoqda. Shuningdek, mutaxassislar 220 ta o‘lim holatini o‘rganmoqda. Ular bu holatlar Ebola bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini tekshiradi.

JSST favqulodda vaziyatlar bo‘yicha rahbari Chikve Ixeveazu mintaqada ishlarni davom ettirish uchun yaqin uch oyda kamida $115 mln kerak bo‘lishini bildirdi. Uning aytishicha, zarur mablag‘ning qariyb 35 foizi hozircha yig‘ilgan.

JSST may oyi o‘rtalarida Kongo va Ugandadagi Ebola tarqalishini xalqaro ahamiyatga ega favqulodda holat deb e’lon qilgan edi. Bundibugyo shtammi ilk bor 2007-yilda aniqlangan. U Zaire ebolavirus shtammiga qaraganda kamroq uchraydi va hali yetarli darajada o‘rganilmagan.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yangi shtammga qarshi vaksina tayyor bo‘lishi uchun 9 oygacha vaqt talab qilinishi mumkin.

Qaynoq24.uz Kongo va qo‘shni davlatlarda Ebola xavfi kuchayayotgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.