Farg‘ona viloyatida bir guruh shaxslar «Soliq Mobile» ilovasi orqali 3,2 mlrd so‘m mablag‘ni «keshbek» sifatida talon-toroj qilgani fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda fuqarolar M.X., M.X. va K.I. o‘zaro til biriktirgani aniqlangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ular Telegram ijtimoiy tarmog‘ida turli nomdagi guruhlar tashkil qilgan. Ushbu guruhlar orqali 7 ta MChJga tegishli xarid cheklari bo‘yicha «keshbek» summalarini onlayn sotish bilan shug‘ullangan.
Jismoniy shaxslarga 1 foizli, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan shaxslarga esa 12 foizli «keshbek» summalari sotilgan. Holat yuzasidan tekshiruvda ushbu 7 ta MChJ tomonidan real moliyaviy aloqalar amalga oshirilmagani aniqlangan.
Shunga qaramay, go‘yoki 3,3 trln so‘mlik mahsulot va xizmatlar xarid qilingani haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirilgan. Shuningdek, savdodan tushgan mablag‘lar onlayn nazorat-kassa mashinalari orqali kirim qilingandek ko‘rsatilgan.
Shundan so‘ng fuqarolarga xarid cheklari chiqarilgan. Natijada 211 584 nafar fuqaroga «Soliq Mobile» ilovasi orqali jami 28,5 mlrd so‘m «keshbek» hisoblangan.
Ushbu mablag‘ning 3,2 mlrd so‘mi to‘lab berilgan. Tergovga qadar tekshiruvda budjet mablag‘lari o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi va 228-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz O‘zbekistonda 8 mlrd so‘mdan ortiq sifatsiz dorilar aniqlangani haqida yozgan edi.


