Portugaliyalik murabbiy Joze Mourinyo «Benfika» bilan xayrlashdi. U yangi mavsumda Madridning «Real» klubini boshqarishi kutilmoqda.
Mourinyo Instagram’dagi sahifasida e’lon qilgan murojaatida «Benfika» prezidenti Rui Koshtaga ushbu klubda ishlash imkoniyatini bergani uchun minnatdorlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Benfika» vakili bo‘lish u uchun sharaf va katta mas’uliyat bo‘lgan.
61 yoshli mutaxassis klub rahbariyati hamda futbolchilarga ham alohida rahmat aytdi. U birga ishlagan o‘yinchilariga shaxsiy hayotida va professional faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.
«Ketar ekanman, o‘zim bilan bir ishonchni olib ketaman: biz shunchaki xotira emas, mustahkam rishta yaratdik. Bir marta mening futbolchim bo‘lgan inson doimo mening futbolchim bo‘lib qoladi», — deya qayd etgan Mourinyo.
Avvalroq «Benfika» Mourinyo Madridning «Real» klubiga bosh murabbiy bo‘lib o‘tishini ma’lum qilgandi. Kelishuvga ko‘ra, «Real» portugaliyalik mutaxassis uchun 15 mln yevro miqdorida tovon puli to‘laydi.
Qaynoq24.uz JCH-2026 uchun ofsaydni aniqlash texnologiyasi yangilanishi haqida yozgan edi.


