FIFA 2026-yilgi jahon chempionatida ofsaydni aniqlash texnologiyasini yangiladi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Yangi tizim VAR uchun ilg‘or yarim avtomatlashtirilgan ofsayd texnologiyasiga asoslanadi. U yordamchi hakamga real vaqt rejimida audio ogohlantirish yuboradi. Agar futbolchi 10 sm.dan ko‘proq ofsaydda bo‘lsa, yordamchi hakam darhol signal oladi. Bu bayroqni kech ko‘tarish holatlarini kamaytirishi mumkin.
Avvalgi sinovlarda texnologiya faqat futbolchi 50 sm.dan ko‘proq ofsaydda bo‘lsa, hakamlarni ogohlantirgan. U Klub jahon chempionati va Qit’alararo kubokda sinovdan o‘tkazilgan.
Shunga qaramay, yakuniy qaror yordamchi hakamda qoladi. U bayroqni qachon ko‘tarish va o‘yinni qachon to‘xtatishni o‘zi hal qiladi. FIFA tizimda xatoliklarning oldini olish uchun bir nechta himoya mexanizmlari borligini bildirdi. Ammo texnologiya juda yaqin ofsayd holatlarini har doim ham aniqlay olmaydi.
Shuningdek, futbolchilar yerda yotgan bo‘lsa yoki bir-biriga juda yaqin joylashsa, tizimda cheklovlar bo‘lishi mumkin. Yangi texnologiya faqat pozitsion ofsaydni aniqlaydi. Agar futbolchi to‘pga tegmasdan raqibga ta’sir qilgan bo‘lsa, bunday bahsli holatlar baribir hakamlar talqiniga bog‘liq qoladi.
FIFA bu yangilik muxlislar va futbolchilarning noroziligini kamaytirishga yordam beradi, deb hisoblamoqda. Shuningdek, kech ko‘tarilgan bayroq sabab davom etadigan keraksiz epizodlarda jarohat xavfi ham kamayishi mumkin.
FIFA JCH-2026 uchun har bir futbolchining sun’iy intellekt yordamida 3D avatari yaratilishini ham tasdiqladi. Bu ofsayd qarorlarini yanada aniqroq qilishga xizmat qiladi. Turnirda qatnashadigan 48 ta jamoaning 26 nafardan futbolchisi raqamli skan qilinadi. Umumiy hisobda 1 248 futbolchi uchun 3D model tayyorlanadi.
Bu qanday ishlaydi

Skan jarayoni fotosessiya vaqtida amalga oshiriladi. Har bir futbolchi maxsus kameraga kiradi va jarayon taxminan bir soniya davom etadi.
Natijada jahon chempionatida ofsayd holatlari bo‘yicha yanada aniq va tushunarli animatsiyalar namoyish etiladi.
FIFA to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketgan-ketmaganini aniqlaydigan texnologiyani ham tasdiqladi. Bu texnologiya gol urilishidan oldin to‘p chiziqdan o‘tganmi yoki yo‘qligini tekshiradi.
Bunday holatda darvoza chizig‘i texnologiyasiga o‘xshash 3D animatsiya yaratiladi. Unda to‘pning aniq joylashuvi ko‘rsatiladi. To‘p ichidagi chip oxirgi bo‘lib qaysi futbolchi unga teginganini aniqlashga yordam beradi. Bu VARga burchak zarbasi to‘g‘ri belgilanganini tekshirish imkonini beradi.
FIFA, shuningdek, «ko‘rish chizig‘i» bo‘yicha ofsayd holatlarini baholashni ham yaxshilaydi. VAR va teleauditoriya uchun ikki xil virtual tasvir yaratiladi.
Bu tasvirlar ikkala darvozabonning nigoh yo‘nalishini takrorlaydi. Shu orqali darvozabonning ko‘rishiga raqib futbolchisi xalaqit bergan yoki bermaganini aniqlash osonlashadi.
Yangi texnologiyalar JCH-2026da hakamlik qarorlarini tezroq va aniqroq qilishga qaratilgan.
Qaynoq24.uz Tramp FIFA’dan Eron o‘rniga Italiyani JChga qo‘shishni so‘ragani haqida yozgan edi.


