AQSh prezidenti Donald Tramp Fransiya prezidenti Emmanuel Makronga keskin ogohlantirish bilan chiqdi. U Parijdan Amerika texnologiya kompaniyalariga nisbatan qo‘llanilayotgan raqamli soliqni bekor qilishni talab qildi.
New York Post nashri xabariga ko‘ra, gap Fransiyada 2019-yildan beri amal qilib kelayotgan raqamli xizmatlar solig‘i haqida ketmoqda. Ushbu soliq Alphabet, Amazon, Apple kabi yirik Amerika texnologik kompaniyalarining Fransiyadagi daromadlaridan undiriladi. Soliq stavkasi 3 foizni tashkil etadi.
Trampning ta’kidlashicha, agar Fransiya ushbu soliqni bekor qilmasa, AQSh fransuz vinolariga 100 foizlik boj joriy etishi mumkin. Oq uy rahbarining fikricha, bunday qaror Fransiya vinochilik sanoati uchun jiddiy zarba bo‘ladi.
AQSh bozori Fransiya vino eksporti uchun muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, fransuz vinolarining jahon bo‘yicha sotuvlarida Amerika bozori taxminan beshdan bir ulushga ega. Bu yiliga qariyb 2 mlrd dollarlik savdoga teng.
Tramp raqamli soliqni Amerika kompaniyalariga nisbatan adolatsiz choralar sifatida baholamoqda. U Vashington Parijning bu siyosatiga javobsiz qarab turmasligini bildirgan.
Fransiyaning GAFAM deb ataluvchi raqamli xizmatlar solig‘i 2019-yilda joriy qilingan. U asosan yirik xalqaro texnologik kompaniyalarning mamlakat ichida oladigan daromadlariga nisbatan qo‘llaniladi.
Avvalroq Kanada ham shunga o‘xshash raqamli soliqni joriy etgan edi. Biroq 2025-yil yozida Ottava Tramp administratsiyasi bosimidan so‘ng mazkur soliqni bekor qilgan. O‘sha vaqtda Vashington Kanada bilan savdo mojarosini hal qilish bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatgan edi.
Trampning Fransiyaga yo‘llagan ogohlantirishi AQSh va Yevropa o‘rtasidagi savdo munosabatlarida yangi keskinlik yuzaga kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Agar tomonlar kelishuvga erisha olmasa, raqamli soliq masalasi vino eksporti, boj tariflari va transatlantik savdo aloqalariga ta’sir qilishi mumkin.
Qaynoq24.uz to‘rt Yevropa davlati Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilmoqchi ekanligi haqida yozgan edi.


