Xorazm, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida tabiiy gaz hamda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Departamentning Shirin shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda xususiy korxona mas’ullari “Namuna” MFY hududidagi mehmonxonada tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangani aniqlandi. Natijada, 631,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.
Mirishkor tumanida esa fuqaro “Arabxona” MFY hududidagi xonadonida tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida noqonuniy ulangan. Tekshiruvda 407,3 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.
Yunusobod tumanida ham shunga o‘xshash holat qayd etildi. Fuqaro “Firdavsiy” MFY hududidagi xonadonida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulanib, 216,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.
G‘uzor tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro “Eskibog‘” MFY hududidagi xonadonida tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulangan holda 105 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Shuningdek, Yangiariq tumanida Departament va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro “Ostona” MFY hududidagi xonadonida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani ma’lum bo‘ldi. Natijada 388,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Chortoq tumanida esa fuqaro “Yuksalish” MFY hududidagi yer maydonida suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 99,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Ko‘kdala tumanida fermer xo‘jaligini boshqarib kelgan shaxs “Xo‘jaobod” MFY hududidagi yer maydonida suv nasosini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab, 97,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Farg‘onadan Toshkentga olib ketilayotgan 1,1 kg gashish ushlangani haqida yozgan edi.


