Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik evaziga pul talab qilgan elektromontyor ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Departamentning Nishon tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda tuman elektr ta’minoti korxonasi elektromontyori xizmat mavqeidan foydalangan holda, fuqaroning xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilganini rasmiylashtirmaslikni va’da qilgani aniqlangan.
U buning evaziga 4 mln so‘m talab qilib, avval 1,5 mln so‘m olgan. Elektromontyor qolgan 2,5 mln so‘mni olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi — firibgarlik hamda 28 va 211-moddalari — pora berishda ishtirok etish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz uch hududda 733,3 mln so‘mlik gaz noqonuniy ishlatilgani haqida yozgan edi.


