Geely Galaxy brendi yangi Geely Galaxy TT Ultra elektr sedani uchun Xitoyda oldindan buyurtmalar qabul qilishni boshladi. Bu haqda CNC xabar bermoqda.
Dastlabki bosqichda avtomobil 999 dona cheklangan nusxada chiqariladi, uning narxi 209,8 ming yuan yoki qariyb $30,9 ming etib belgilangan.
O‘rta va katta o‘lchamli sedan Geely tomonidan ishlab chiqilgan dunyodagi ilk 16-in-1 elektr yuritma tizimi bilan jihozlangan. Ushbu majmua elektr uzatmaning asosiy qismlarini yagona konstruksiyada birlashtirish orqali avtomobilning og‘irligi, energiya sarfi va egallaydigan joyini kamaytirishga xizmat qiladi.

Galaxy TT Ultra 800 voltli yuqori kuchlanish platformasida ishlab chiqarilgan. To‘liq uzatmali avtomobilning old elektr motori 180 kVt yoki 241 ot kuchi, orqa motori esa 245 kVt yoki 329 ot kuchi ishlab chiqaradi. Tizimning umumiy quvvati 425 kVtga, ya’ni 570 ot kuchiga yetadi.
Sedan joyidan 100 km/soat tezlikka 3,8 soniyada chiqadi, uning maksimal tezligi esa 210 km/soatni tashkil etadi. Rulga o‘rnatilgan Boost tugmasi orqali 20 soniyalik yuqori unumdorlik rejimini faollashtirish mumkin.
Avtomobil 75,2 kVt·soat sig‘imli litiy-temir-fosfat akkumulyator bilan jihozlangan. CLTC sikli bo‘yicha bir marta quvvatlashda yurish masofasi 650 kmga yetadi. 6C ultra tezkor quvvatlash texnologiyasi batareya zaryadini 10 foizdan 80 foizgacha 11,6 daqiqada to‘ldirish imkonini beradi.

Galaxy TT Ultra kuzovi aerodinamik qarshilikni kamaytirishga mo‘ljallangan past siluet, kapotdagi keskin chiziqlar va yaxlit LED faralar bilan ajralib turadi. Avtomobilning uzunligi 4 999 mm, kengligi 1 919 mm, balandligi 1 479 mm, g‘ildirak bazasi esa 2 920 mmni tashkil qiladi.
Model romsiz eshiklar, qizil tormoz supportlariga ega 19 dyuymli g‘ildiraklar hamda elektron boshqariladigan faol spoyler bilan jihozlangan. Spoyler tezlikka qarab avtomatik ravishda ochilib, avtomobilning yo‘lda barqarorligini oshiradi.
Qaynoq24.uz Geely EX2 avtomobili sotuvga chiqarilgani haqida yozgan edi.


