Google Pixel 11 seriyasi qachon taqdim etiladi

Foto: Gizmochina
Jonibek Juraqulov
3 Daqiqa o‘qish

Google kompaniyasi yangi avlod Google Pixel 11 smartfonlarini 12-avgust kuni Nyu-Yorkda o‘tkaziladigan Made by Google tadbirida taqdim etishni rejalashtirmoqda.

Rasmiy namoyishga hali bir necha hafta borligiga qaramay, internetda Pixel 11, Pixel 11 Pro, Pixel 11 Pro XL va Pixel 11 Pro Fold modellari haqida asosiy tafsilotlar paydo bo‘ldi.

Droid Life nashrining muddatidan oldin Amazon’da e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanib yozishicha, Pixel 11 seriyasidagi qurilmalar avvalgi avlodga nisbatan qariyb $100 ga qimmatlashishi mumkin. Shu bilan birga, Google 128 GB xotirali versiyalardan voz kechib, barcha modellarda 256 GB hajmni boshlang‘ich variant sifatida taklif qilishi kutilmoqda.

Sizib chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, oddiy Pixel 11 narxi $899 dan boshlanadi. Pixel 11 Pro uchun $1,1 ming, Pixel 11 Pro XL uchun qariyb $1,3 ming, buklanuvchi Pixel 11 Pro Fold uchun esa $1,9 mingdan narx belgilanishi mumkin.

Pixel 11 Midnight, Fuchsia yoki Hibiscus, Moss yoki Pistachio hamda Frost ranglarida sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Pro turkumidagi smartfonlar uchun Dune, Light Fog, Midnight va Pine ranglari tayyorlanayotgani aytilmoqda.

Texnik imkoniyatlar

Yangi qurilmalar Google’ning Tensor G6 protsessori bilan jihozlanadi. Eng muhim texnik o‘zgarishlardan biri modemga taalluqli bo‘lishi mumkin. Kompaniya Samsung‘ning Exynos modemlaridan voz kechib, MediaTek M90 modemidan foydalanishi kutilmoqda. Bu aloqa sifati va kutish rejimidagi quvvat sarfini yaxshilashi mumkin, chunki avvalgi Pixel smartfonlarida mobil tarmoq barqarorligi va batareyaning tez sarflanishi bilan bog‘liq shikoyatlar kuzatilgan.

Sizib chiqqan Amazon ma’lumotlarida oddiy Pixel 11 smartfoniga 4 985 mA/soat, Pixel 11 Pro XL modeliga esa 5 115 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilishi ko‘rsatilgan. Pixel 11 Pro Fold 4 750 mA/soatli batareyaga ega bo‘lishi mumkin. Bu avvalgi avlod buklanuvchi modelidagi ko‘rsatkichdan biroz kam.

Dizayn

Pixel 11 seriyasining umumiy dizayni Pixel 10 qurilmalariga o‘xshash bo‘lib, tekis ekranlar va gorizontal kamera bloki saqlab qolinadi. Biroq Google avvalgi Pro modellarida mavjud bo‘lgan infraqizil harorat sensorini olib tashlashi kutilmoqda.

Uning o‘rniga Pixel Glow deb nomlangan yangi funksiya paydo bo‘lishi mumkin. Google e’lon qilgan tizerlarda kamera blokiga o‘rnatilgan, rangini o‘zgartira oladigan dumaloq LED-chiroq ko‘rsatilgan. U smartfon ekrani pastga qaratib qo‘yilganda bildirishnomalar va ogohlantirishlarni yorug‘lik orqali ko‘rsatadi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Google’ning nisbatan arzon Pixel 11a modeli haqida ham dastlabki ma’lumotlar tarqaldi. Formosan kod nomiga ega qurilma 120 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydigan 6,3 dyuymli ekran, Tensor G6 protsessori va MediaTek M90 modemiga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Pixel 11a modeliga 4 870 mA·soat sig‘imli akkumulyator hamda videomuloqot sifatini yaxshilashga mo‘ljallangan yangi old kamera sensori o‘rnatilishi mumkin. Asosiy Pixel 11 seriyasi avgustda taqdim etilsa, Pixel 11a bir necha oy o‘tib bozorga chiqarilishi kutilmoqda.

Hozircha qurilmalarning narxlari va texnik xususiyatlari Google tomonidan rasman tasdiqlanmagan. Yakuniy tafsilotlar 12-avgust kuni o‘tkaziladigan taqdimotda ma’lum qilinadi.

Qaynoq24.uz Google Pixel 11a 3 ta yangi chip bilan chiqishi mumkinligi haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.