BYD kompaniyasi Xitoy bozorida yangi BYD Sealion 05 krossoverini rasman taqdim etdi. Bu haqda CHC nashri xabar bermoqda.
Model plug-in gibrid va to‘liq elektr versiyalarda sotuvga chiqdi. Eng muhim yangilik — DM-i gibrid versiyasida 305 km gacha elektr yurish zaxirasi taklif qilinmoqda. Yangi krossover dizayn jihatdan yopiq old panjara, ingichka faralar va yashirin eshik tutqichlari bilan ajralib turadi. Kuzov o‘lchamlari 4620 mm uzunlik, 1860 mm kenglik va 1630 mm balandlikni tashkil qiladi. Bu model BYD Atto 3dan 165 mm uzunroq.

Model standart tarzda DiPilot 100 haydovchi yordam tizimi bilan jihozlangan. Yuqori komplektatsiyalarda esa LiDAR asosidagi DiPilot 300 tizimi taklif qilinadi. U shahar va trassalarda avtomatik boshqaruv funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, avtomobil DiSus-C osma tizimi bilan jihozlangan.
Salon ichida 12,8 dyuymli sensor ekran o‘rnatilgan. Qimmat versiyalarda 15,6 dyuymli displey mavjud. Rul ortida 8,8 dyuymli raqamli panel joylashgan. Markaziy konsolda jismoniy tugmalar, stakan qo‘yish joyi va hatto mini muzlatkich ham bor.

Gibrid Sealion 05 DM-i 1,5 litrli dvigatel va elektr motor kombinatsiyasida ishlaydi. Umumiy tizim yuqori samaradorlikni ta’minlaydi. Elektr yurish zaxirasi 220 km dan 305 km gacha yetadi. Yoqilg‘i sarfi esa 100 km ga atigi 3,1 litrni tashkil qiladi. To‘liq yurish zaxirasi 2 105 km gacha chiqadi.
To‘liq elektr versiyada esa 540 km va 630 km yurish zaxirasiga ega variantlar mavjud. Eng kuchli versiyada 322 ot kuchiga teng motor ishlatiladi. Model tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Batareya 10 foizdan 97 foizgacha atigi 9 daqiqada to‘ldiriladi. Sealion 05 Xitoyda sotuvga chiqarilgan bo‘lib, boshlang‘ich narxi 97 900 yuan atrofida belgilangan. Bu taxminan $14 mingga teng.

Narxlar:
| Model | Narx (dollar) |
|---|---|
| Sealion 05 DM-i 220 Starter | 14 360 dollar |
| Sealion 05 DM-i 220 Navigator | 15 830 dollar |
| Sealion 05 DM-i 220 Smart Navigator | 17 295 dollar |
| Sealion 05 DM-i 305 Navigator | 17 295 dollar |
| Sealion 05 DM-i 305 Smart Navigator | 18 760 dollar |
| Sealion 05 EV 540 Navigator | 17 600 dollar atrofida |
| Sealion 05 EV 540 Smart Navigator | 19 100 dollar atrofida |
| Sealion 05 EV 630 Smart Navigator | 21 400 dollar atrofida |
Qaynoq24.uz yangilangan BYD Atto 3 qanday salonga egaligi haqida yozgan edi.

