Zeekr 9X avtomobili sotuvga chiqdi — narx

Foto: Zeekr
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Zeekr kompaniyasi Xitoyda Zeekr 9X flagman plagin-gibrid krossoverining besh o‘rinli versiyasini sotuvga chiqardi. Bu haqda CNC xabar berdi.

Besh o‘rinli Zeekr 9X Ultra, Hyper va Obsidian Black komplektatsiyalarida taklif qilinadi. Ultra versiyasi 55 va 70 kWh sig‘imli ikki xil batareya bilan mavjud. Besh o‘rinli modifikatsiyalar bir xil jihozlangan olti o‘rinli variantlarga qaraganda 14 ming yuan yoki qariyb $2 ming arzonroq.

55 kWh batareyali boshlang‘ich Ultra versiyasi $69,7 ming, 70 kWh akkumulyatorli modifikatsiya esa qariyb $72 ming turadi. Hyper komplektatsiyasining narxi $80,7 mingdan, eng yuqori Obsidian Black versiyasi esa $86,6 mingdan boshlanadi.

Foto: Zeekr

Avtomobil tashqi ko‘rinish bo‘yicha olti o‘rinli Zeekr 9X’dan deyarli farq qilmaydi. Uning uzunligi 5 239 mm, kengligi 2 029 mm va balandligi 1 819 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3 169 mmga teng. Besh o‘rinli versiya uchun jigarrang tusdagi yangi kuzov rangi ham taqdim etilgan.

Salon ikki qator o‘rindiqdan iborat bo‘lib, Nappa turidagi tabiiy charm bilan qoplangan. Orqa qatordagi yo‘lovchilar uchun 1,4 metrgacha oyoq joyi ajratilgan. Yon o‘rindiqlar elektr oyoq tayanchi, vaznsizlik rejimi, isitish, shamollatish va massaj funksiyalariga ega.

Foto: Zeekr

Krossover tomga o‘rnatilgan ko‘ngilochar ekran, Naim kompaniyasining 32 ta dinamikdan iborat audiotizimi, ichki muzlatkich, 6,5 litrli saqlash bo‘limi hamda ikkita simsiz quvvatlash maydonchasi bilan jihozlangan.

Old panelda ikkita 16 dyuymli ekran standart tarzda o‘rnatiladi. Xaridor ikkinchi displeydan voz kechsa, avtomobil narxini 5 ming yuan yoki qariyb $740 ga kamaytirishi mumkin. Markaziy konsolda ikkita simsiz quvvatlash qurilmasi, jismoniy tugmalar bloki va yashirin bo‘lim joylashtirilgan. Uzatmalar selektori rul ortiga o‘rnatilgan.

Zeekr 9X G-Pilot H7 va H9 haydovchiga ko‘maklashish tizimlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu majmualar avtomobilni boshqarishda kamera, radar va boshqa sensorlardan foydalanadi.

Qaynoq24.uz Zeekr 9X 1 381 ot kuchi bilan oldindan sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.