Xitoyning BYD kompaniyasi BYD Great Tang nomli yangi to‘liq o‘lchamli flagman elektr krossoverini rasman sotuvga chiqardi. Bu haqda CNC xabar berdi.
Model Xitoy bozorida 239,9 ming yuandan boshlanadi. Bu taxminan 35,5 ming dollarga teng. Great Tang BYD’ning Dynasty liniyasiga kiradi va asosan katta oila uchun mo‘ljallangan premium krossover sifatida taqdim etilmoqda. Avtomobil 5,2 metrdan uzun kuzov, yetti o‘rindiqli salon, yuqori quvvatli elektr platforma va yangi avlod Blade Battery akkumulyatori bilan jihozlangan.
Model to‘rtta versiyada taklif etiladi. Bazaviy 800KM Premium talqini orqa g‘ildirakdan tortuvchi tizim, 105,79 kVt/soat sig‘imli akkumulyator va 800 km yurish zaxirasiga ega. Uning narxi 239,9 ming yuan yoki 35,5 ming dollarni tashkil qiladi.

950KM Flagship versiyasida 130,15 kVt·soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan bo‘lib, u CLTC sikli bo‘yicha 950 km masofa bosib o‘ta oladi. Ushbu talqin 269,9 ming yuandan, ya’ni 39,9 ming dollardan sotiladi.
850KM 4WD Flagship va Shengshi Edition versiyalari esa to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi tizimga ega. Ularda 130,15 kVt/soat sig‘imli batareya qo‘llanilgan. Ikki motorli tizim umumiy 585 kVt quvvat ishlab chiqaradi va avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 3,9 soniyada chiqadi. Ushbu versiyalarning yurish zaxirasi 850 km deb ko‘rsatilgan.
Great Tang 1000 voltli yuqori kuchlanishli elektr arxitekturaga ega. BYD ma’lumotlariga ko‘ra, tezkor quvvatlash tizimi optimal sharoitda batareyani 10 foizdan 70 foizgacha 5 daqiqada, 97 foizgacha esa 9 daqiqada quvvatlay oladi.

O‘lchamlar va dizayn
Avtomobilning uzunligi 5263 mm, eni 1999 mm, balandligi 1790 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 3130 mmni tashkil qiladi. Ayrim opsiyalar bilan kuzov uzunligi 5302 mmgacha yetadi. Krossover 21 dyuymli g‘ildiraklar, yarim yashirin eshik tutqichlari va zamonaviy yorug‘lik elementlari bilan jihozlangan.
Model DiSus-A aqlli osma tizimiga ega. U ikki kamerali pnevmatik prujinalar yordamida kuzov balandligini 100 mm diapazonda sozlay oladi. Tizim yo‘l yuzasini oldindan tahlil qilib, amortizator ishini moslashtiradi.
Great Tang‘da orqa g‘ildiraklarni burish funksiyasi ham standart tarzda mavjud. Orqa g‘ildiraklar 7 darajagacha burila oladi, bu esa yirik krossoverning burilish radiusini 5,2 metrgacha qisqartiradi. Shuningdek, avtomobilda “crab-walk” — yonlama harakatlanish rejimi ham bor.

Ichki qismi
Salon 2+2+3 formatidagi yetti o‘rindiqli sxema asosida ishlab chiqilgan. Oldingi o‘rindiqlar “zero-gravity” funksiyasiga ega. Ikkinchi qatorda esa 146 darajagacha yotadigan, oyoq uchun elektr tayanchli alohida kreslolar o‘rnatilgan. Salonda 17,3 dyuymli shiftga o‘rnatilgan ko‘ngilochar ekran ham mavjud.
Krossover ichki qismida 2,53 kvadrat metrli akustik laminatsiyalangan panoramali oynali tom qo‘llanilgan. U to‘liq yashirin uch qatlamli parda bilan jihozlangan.
BYD Great Tang‘da Lingdong nomli magnitli jismoniy tugmalar tizimi ham debyut qildi. Ushbu tugmalar salondagi maxsus magnit interfeyslarga biriktiriladi va iqlim nazorati, musiqa, o‘rindiq sozlamalari kabi funksiyalarni boshqarish imkonini beradi.
Qaynoq24.uz BYD Sealion 08 900 km yurish zaxirasiga ega ulkan batareya bilan chiqishi haqida yozgan edi.


