BYD’ning yangi BYD Sealion 08 elektr krossoveri 115 kVt/soat sig‘imli LFP batareya bilan jihozlanadi. Bu haqda CNC xabar bermoqda.
Model Xitoyda xarid solig‘i bo‘yicha imtiyozlar ro‘yxatida ko‘rinish berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uzoq masofaga mo‘ljallangan versiyadagi batareya og‘irligi 810,5 kilogrammni tashkil qiladi. Bu avtomobilning umumiy og‘irligining 30 foizidan ortig‘iga teng. Avvalroq Sealion 08 Xitoydagi dilerlik markazlariga yetib borgani xabar qilingan edi.
Yangi elektr krossoverning boshlang‘ich versiyasi 92,093 kVt·soat sig‘imli LFP batareya bilan taklif etiladi. Bu BYD tomonidan ishlab chiqilgan ikkinchi avlod Blade Battery bo‘lib, tezkor quvvatlanish texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, akkumulyator 10 foizdan 97 foizgacha 9 daqiqada quvvat olishi mumkin.

Boshlang‘ich versiyada batareya orqa o‘qda joylashgan bitta elektromotorni quvvatlantiradi. Ushbu motorning maksimal quvvati 320 kVt, ya’ni 429 ot kuchiga teng. 92,093 kVt·soatlik batareyaning o‘zi 633 kilogramm og‘irlikka ega. Avtomobilning ushbu versiyadagi jihozlangan vazni 2420 kilogramm bo‘lgani uchun batareya umumiy og‘irlikning taxminan 26 foizini tashkil etadi.
Sealion 08’ning ikkinchi batareya varianti esa 115,072 kVt·soat sig‘imga ega. Aynan shu versiyada avtomobil CLTC sikli bo‘yicha 900 kilometrgacha yurish zaxirasini taqdim etadi. Biroq katta sig‘im bilan birga og‘irlik ham sezilarli oshgan: batareya 810,5 kilogrammni tashkil qiladi. Sealion 08 Long-Range RWD versiyasining jihozlangan vazni 2595 kilogramm bo‘lib, batareya avtomobil vaznining 31,2 foizini egallaydi.
Imkoniyatlar
Ushbu uzoq masofali orqa yuritmali versiyada 370 kVt, ya’ni 496 ot kuchiga ega elektromotor qo‘llaniladi. Modelning eng yuqori talqinida esa ikki motorli to‘liq yuritmali tizim mavjud. Ushbu versiya CLTC sikli bo‘yicha 800 kilometr yurish zaxirasiga ega bo‘ladi. Ikkita elektromotorning umumiy maksimal quvvati 585 kVt, ya’ni 784 ot kuchini tashkil qiladi. Avtomobilning jihozlangan vazni 2710 kilogrammga yetadi. Shunga qaramay, yirik oilaviy krossover 100 km/soat tezlikka taxminan 5 soniya atrofida chiqishi kutilmoqda.

BYD Sealion 08 faqat to‘liq elektr versiyada emas, balki DM-i plagin-gibrid tizimi bilan ham taklif etiladi. Ushbu tizim 1,5 litrli 154 ot kuchiga ega benzinli dvigatel va 268 ot kuchiga ega elektromotordan iborat. Gibrid versiya CLTC sikli bo‘yicha 400 kilometrgacha elektr rejimida harakatlana oladi. Shuningdek, modelning DM-p versiyasi ham tayyorlanayotgani aytilmoqda. Bu talqinda umumiy quvvati 536 ot kuchiga teng ikkita elektromotor bo‘lishi mumkin.
Sealion 08 yirik krossoverlar toifasiga kiradi. Uning uzunligi 5115 mm, kengligi 1999 mm, balandligi 1800 mm, g‘ildirak bazasi esa 3030 mmni tashkil etadi. Model besh va olti o‘rindiqli salon variantlarida taklif qilinadi.
Avtomobilning muhim texnologik jihatlari qatoriga orqa g‘ildiraklarni burish tizimi, DiSus-A shassisi va ikki kamerali pnevmatik osma kiradi.
Bundan tashqari, Sealion 08 DiPilot 5.0 haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlanadi. Ushbu tizim shahar yo‘llari va magistrallarda Navigate On Autopilot funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Qaynoq24.uz BYD’ning yangi Denza N8L SUV modeli 23-iyun kuni Xitoyda sotuvga chiqishi haqida yozgan edi.


