Hyundai kompaniyasining yangi taqdim etiladigan Hyundai Ioniq V elektromobili super kuchini namoyish etdi. Bu haqda CNC xabar bermoqda.
Model Xitoy bozoriga 2026-yilda chiqishi rejalashtirilgan bo‘lib, u 620–650 km gacha CLTC yurish zaxirasini taklif qilishi mumkin.
Hyundai Ioniq V 2026-yilgi Pekin avtosalonida rasman namoyish qilingan edi. Koreya avtomobil ishlab chiqaruvchisi ushbu model orqali Xitoy bozoridagi mavqeini tiklashga urinmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Hyundai may oyida Xitoyda 6,5 ming dona avtomobil yetkazib bergan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8,9 foizga kam.

Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi e’lon qilgan so‘nggi ro‘yxatga ko‘ra, Ioniq V’ning boshlang‘ich versiyasi CATL kompaniyasi ishlab chiqargan 53,5 kVt·soat sig‘imli LFP akkumulyator bilan jihozlanadi. Ushbu batareya 140 kVt, ya’ni 188 ot kuchiga teng elektromotorni quvvatlantiradi. Komplektatsiyaga qarab, ushbu talqin CLTC sikli bo‘yicha 520–540 km masofa bosib o‘ta oladi.
Boshlang‘ich versiyadagi batareya og‘irligi 395 kgni tashkil qiladi. Avtomobilning jihozlangan vazni esa 1 707 kg dan 1 737 kg gacha bo‘ladi. Bu ko‘rsatkichlar Ioniq V’ni o‘rta-yirik elektromobillar segmentida nisbatan yengil fastbeklardan biriga aylantiradi.
Modelning uzoq masofaga mo‘ljallangan talqini esa 66,8 kVt·soat sig‘imli LFP batareya bilan jihozlanadi. Ushbu akkumulyator ham CATL tomonidan ishlab chiqarilgan. Bu versiyada elektromotor quvvati 168 kVt, ya’ni 225 ot kuchiga yetadi. Yurish zaxirasi esa CLTC bo‘yicha 620–650 kmni tashkil etadi.

Uzoq masofali versiyadagi batareya bloki 465 kg og‘irlikka ega. Ushbu talqinning jihozlangan vazni 1 782 kg dan 1 808 kg gacha bo‘ladi. Kelajakda Hyundai Ioniq V kengaytirilgan yurish zaxirasiga ega EREV kuch qurilmasi bilan ham taklif qilinishi kutilmoqda.
Hyundai Ioniq V yirik o‘lchamlarga ega. Avtomobil uzunligi 4 900 mm, kengligi 1 890 mm, balandligi 1 470 mmni tashkil qiladi. G‘ildirak bazasi esa 2 900 mmga teng. Bunday o‘lchamlar modelni nafaqat fastbek, balki oilaviy elektromobil sifatida ham raqobatbardosh qiladi.
Qaynoq24.uz Hyundai Ioniq V elektromobili qanday dizaynga egaligi haqida yozgan edi.


