AQSh va Eron tinchlik, sanksiyalar va uran bo‘yicha kelishuvga erishdi

Foto: Sofiia Potanina/Zoonar
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSh Eron bilan erishilgan ramka kelishuvi tafsilotlarini e’lon qildi. Hujjatga ko‘ra, Tehron yuqori darajada boyitilgan uranni topshirish majburiyatini oladi, Vashington esa bunga javoban Eronga nisbatan neft sanksiyalarini yumshatadi.

Kelishuv “Islomobod o‘zaro anglashuv memorandumi” deb nomlangan bo‘lib, 14 banddan iborat. U AQSh va Eron o‘rtasidagi harbiy harakatlarni barcha yo‘nalishlarda, jumladan Livan bilan bog‘liq frontlarda ham darhol va doimiy to‘xtatishni nazarda tutadi.

Hujjatga muvofiq, Eron o‘zidagi yuqori darajada boyitilgan uranni yadro quroli yaratish imkonini bermaydigan darajagacha tushirishi kerak. Bu jarayon xalqaro nazorat mexanizmlari asosida amalga oshirilishi kutilmoqda.

AQSh esa kelishuv imzolangach, Eron neftini eksport qilishga ruxsat beruvchi sanksiya cheklovlarini yumshatadi. Vashington Tehronga neft savdosini qayta yo‘lga qo‘yish imkonini berishini bildirgan. Qo‘shimcha iqtisodiy cheklovlar esa tomonlar 60 kunlik muzokaralar davomida yakuniy tinchlik bitimiga erishgan taqdirda bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

Kelishuvda Hormuz bo‘g‘ozi faoliyatini qayta tiklash masalasi ham ko‘zda tutilgan. Bu bo‘g‘oz jahon neft savdosi uchun muhim strategik yo‘l hisoblanadi. AQSh vakiliga ko‘ra, memorandum Hormuz bo‘g‘ozini ochish, Eron yadro dasturi bo‘yicha xavflarni kamaytirish va keyingi bosqichda iqtisodiy imtiyozlar berish mexanizmini yaratadi.

Hujjatda Eron uchun kamida 300 milliard dollarlik tiklanish va rivojlanish fondini tashkil etish imkoniyati ham qayd etilgan. Biroq fond faqat yakuniy kelishuvga erishilgan taqdirda ishga tushiriladi. AQSh tomoni ushbu fondni moliyalashtirishda Vashington ishtirok etmasligini bildirgan.

Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp kelishuv hali yakuniy emasligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar memorandum shartlari bajarilmasa yoki Vashington kelishuvdan qoniqmasa, AQSh Eronga qarshi harbiy harakatlarni qayta boshlashi mumkin.

Memorandum 19-iyun kuni rasman imzolanishi kutilmoqda. Shundan so‘ng tomonlar yakuniy kelishuv shartlarini ishlab chiqish uchun 60 kunlik muzokara davrini boshlaydi.

Qaynoq24.uz to‘rt Yevropa davlati Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilmoqchi ekani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.