JSST: Ebola vaksinasini tayyorlash to‘qqiz oygacha vaqt olishi mumkin

Foto: Pexels / CDC
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Ebola virusining Bundibugyo turi uchun vaksina tayyorlash to‘qqiz oygacha vaqt olishi mumkinligini ma’lum qildi.

Tashkilot maslahatchisi doktor Vasi Murtiyga ko‘ra, hozirda ushbu turga qarshi ikkita ehtimoliy vaksina ishlab chiqilmoqda. Biroq ularning hech biri hali klinik sinovlardan o‘tkazilmagan. JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesusning aytishicha, hozirgacha 600 ta Ebola gumonli holati qayd etilgan. Gumonli o‘limlar soni esa 139 taga yetgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, virusni aniqlashga vaqt ketayotgani sababli bu raqamlar yana oshishi mumkin. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Kongo Demokratik Respublikasida 51 ta Ebola holati tasdiqlangan. Qo‘shni Ugandada esa ikki kishi ushbu virus bilan kasallangani aniqlangan.

JSST yakshanba kuni mazkur vaziyatni xalqaro ahamiyatga ega favqulodda sog‘liqni saqlash holati deb e’lon qildi. Biroq tashkilot bu holat pandemiya darajasida emasligini bildirdi. Tedros Adhanom Gebreyesusning aytishicha, favqulodda vaziyatlar qo‘mitasi yig‘ilishidan so‘ng kasallik hozircha pandemiya xavfi sifatida baholanmagan.

Nimalar ma’lum?

Grafik: BBC

«JSST epidemiyaning milliy va mintaqaviy darajadagi xavfini yuqori, global darajadagi xavfini esa past deb baholamoqda», degan Tedros Adhanom Gebreyesus.

Kongo Demokratik Respublikasida tasdiqlangan 51 ta holat Ituri viloyati va Shimoliy Kivu viloyatida qayd etilgan. Ituri viloyati hozirgi epidemiya o‘chog‘i hisoblanadi. Uganda poytaxti Kampalada aniqlangan ikki bemor ham Kongo Demokratik Respublikasidan kelgan. Ulardan biri vafot etgan.

JSST rahbari Kongodagi epidemiya ko‘lami rasmiy raqamlardan ancha katta bo‘lishi mumkinligini aytdi. Uning ta’kidlashicha, vafot etganlar orasida tibbiyot xodimlari ham bor. Bu holat alohida xavotir uyg‘otmoqda. Mahalliy shifokorlarning bildirishicha, ayrim tibbiyot muassasalari bemorlar oqimiga bardosh bera olmayapti. Himoya vositalari yetib kela boshlagan bo‘lsa-da, ko‘plab xodimlar hali ham yetarli himoyasiz ishlamoqda.

JSST rasmiysiga ko‘ra, virus qancha vaqtdan beri tarqalayotganini aniqlash bo‘yicha tekshiruvlar davom etmoqda. Hozirgi asosiy vazifa esa kasallik yuqishini to‘xtatishdan iborat.

Qaynoq24.uz nashri Efiopiyada xavfli Marburg virusi tarqalgani haqida yozgan edi. Marburg virusi dunyodagi eng xavfli infeksiyalardan biri hisoblanadi. U Ebola kabi yuqadi va tanada kuchli qon ketishi, yuqori isitma, qusish hamda ich ketishiga olib keladi. Virusning yashirin davri 21 kun bo‘lib, o‘lim darajasi 25 foizdan 80 foizgacha yetadi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.