AQSh 2 turdagi xorijiy robot importini taqiqladi

Foto: Getty Images
Jonibek Juraqulov
2 Daqiqa o‘qish

Donald Tramp ma’muriyati milliy xavfsizlikka tahdidlarni vaj qilib, AQShga xorijiy robot olib kirishni taqiqladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Cheklov odamsimon va to‘rt oyoqli ilg‘or robot qurilmalariga tatbiq etiladi. Bunday texnikaning katta qismi hozirda dunyoning eng yirik odamsimon robot ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan Xitoyda tayyorlanmoqda.

AQSh Federal aloqa komissiyasi — FCC yangi xorijiy robotlar bilan bir qatorda ma’lumotlar markazlari va quyosh elektr tizimlarida ishlatiladigan quvvat invertorlarini ham milliy xavfsizlik uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxatiga kiritdi.

Taqiq faqat yangi xorijiy modellarga nisbatan qo‘llanadi. FCC tomonidan avvalroq foydalanishga ruxsat berilgan robotlar va invertorlarni AQShga olib kirish yoki mamlakat hududida sotish davom ettirilishi mumkin.

Komissiya raisi Brendan Karrning aytishicha, ushbu qaror Amerika uchun muhim hisoblangan ta’minot zanjirlarini himoya qilishga qaratilgan. Regulyator xorijda ishlab chiqarilgan robotlardan zararli maqsadlarda foydalanish ehtimoli mavjudligini ta’kidlamoqda.

FCC fikricha, bunday qurilmalar orqali amerikaliklarni yashirin kuzatish, xorijiy razvedka xizmatlarining imkoniyatlarini kengaytirish yoki robotlarni masofadan boshqarib olish mumkin. Tarmoqqa ulangan zamonaviy robotlarning kamera, mikrofon va turli sensorlar bilan jihozlangani ma’lumotlar xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlarni kuchaytirgan.

Quvvat invertorlari bo‘yicha ham shunga o‘xshash e’tirozlar bildirilgan. Komissiya xorijiy kompaniyalar bunday qurilmalarni masofadan o‘chirishi, ulardagi ma’lumotlarni qo‘lga kiritishi, yashirin kirish imkoniyatini yaratishi yoki ularni kiberhujumlarda ishlatishi mumkinligini qayd etdi.

Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi AQSh qarorini tanqid qildi. Diplomatik vakolatxona Pekin savdo va texnologiya masalalarining siyosiylashtirilishiga, shuningdek, asossiz vajlar bilan Xitoy kompaniyalariga cheklovlar qo‘yilishiga qarshi ekanini bildirdi.

Qaynoq24.uz Xiaomi Xiaomi 17T Pro yordamida suratga oladigan gumanoid robotni namoyish etgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.