Xitoyning 2025-yildagi eng ko‘p sotilgan avtomobili — Geely EX2 elektr xetchbeki Avstraliya bozoriga chiqarildi. Bu haqda CNC xabar berdi.
Modelning boshlang‘ich narxi 26 490 Avstraliya dollari yoki qariyb $18 360 etib belgilandi. Avtomobil ushbu mamlakatda Complete va Inspire nomli ikki xil komplektatsiyada taklif qilinadi.
Geely EX2 Xitoyda Geome Xingyuan nomi ostida sotiladi. Model 2025-yilda 465 775 dona natija bilan mamlakat avtomobil bozorida yetakchilik qilgan. 2026-yilning birinchi yarmida esa 194 159 dona Xingyuan xaridorlarga yetkazilib, model savdo yetakchisi maqomini saqlab qolgan. Ayrim boshqa bozorlarda avtomobil Geely E2 nomidan ham foydalanadi.

Boshlang‘ich EX2 Complete versiyasi orqa o‘qqa o‘rnatilgan 60 kVt yoki 80 ot kuchiga teng elektromotor bilan jihozlangan. Unga 35,35 kVt/soat sig‘imli litiy-temir-fosfat akkumulyator o‘rnatilgan bo‘lib, bir marta quvvatlanganda WLTP standartiga ko‘ra 252 km masofani bosib o‘tadi. Batareya 60 kVt quvvatli tezkor doimiy tok stansiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Elektromobil 100 km/soat tezlikka 14,2 soniyada chiqadi, maksimal tezligi esa 130 km/soat bilan cheklangan.
Complete komplektatsiyasi 16 dyuymli po‘lat disklar, LED faralar va faol radiator panjarasi bilan ta’minlangan. Standart jihozlar qatoriga yettita xavfsizlik yostiqchasi, orqani ko‘rish kamerasi, adaptiv kruiz nazorati, elektr sozlanadigan old o‘rindiqlar va iqlim nazorati kiradi.
Salon markazida simsiz Apple CarPlay hamda Android Auto‘ni qo‘llaydigan 14,6 dyuymli ekran o‘rnatilgan. Avtomobilning old qismida masofadan ochiladigan 70 litrli qo‘shimcha yukxona ham mavjud.
Yuqori EX2 Inspire versiyasi 85 kVt yoki 114 ot kuchiga ega elektromotor olgan. 47,14 kVt·soatli LFP batareya uning yurish masofasini 345 km gacha oshiradi. 80 kVt quvvatli tezkor quvvatlashni qo‘llaydigan ushbu model 100 km/soatga 11,5 soniyada tezlashadi. Avstraliyadagi narxi 30 990 Avstraliya dollari yoki taxminan $21 480 ni tashkil etadi.
Texnik imkoniyatlar

Inspire komplektatsiyasiga yengil qotishmali disklar, elektr yuritmali bagaj eshigi, yomg‘ir datchigi, 360 darajali kamera va kuzov ostini shaffof ko‘rsatish funksiyasi kiritilgan. Shuningdek, old o‘rindiqlar va rulni isitish, smartfonni simsiz quvvatlash, 256 rangli atmosfera yoritgichi hamda olti karnayli audio tizim mavjud.
Avtomobil Moon White, Nebula Beige, Star Silver, Aurora Green, Nova Pink va Comet Grey ranglarida sotiladi. Oq rangdan tashqari qolgan variantlar uchun 600 Avstraliya dollari qo‘shimcha haq olinadi. Dastlabki xaridorlarga uy quvvatlash qurilmasi va premium rangni bepul tanlash imkoniyati berilmoqda. Geely EX2 Avstraliyada BYD Atto 1, GAC Aion UT va MG4 bilan raqobatlashadi.
Qaynoq24.uz Geely Galaxy TT Ultra avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.


