Yaponiyaning yirik Nissan kompaniyasi yangi avlod Nissan Xterra modelini qayta tiklashni rejalashtirmoqda. Brend antiinqiroz rejasi doirasida ushbu mashina 2028-yilda bozorga chiqarilishi kutilmoqda.
Kompaniya hozircha modelning faqat bitta tasvirini e’lon qildi. Unga qaraganda, yangi Xterra konsept ko‘rinishida ishlab chiqilgan. Dizaynda rel’efli kapot, uning ostida joylashgan sarg‘ish kunduzgi chiroqlar va ikki qavatli optika bo‘lishi mumkin.
Texnik jihatlar haqida ma’lumotlar hali kam. Biroq avtomobil to‘liq yo‘ltanlamas bo‘lishi aniq. U ramali konstruksiyaga ega bo‘ladi. Kapot ostida esa V6 dvigatel o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Ushbu motor alohida ham, gibrid tizim tarkibida ham ishlashi mumkin.
Shuningdek, kompaniya Xterra bilan cheklanib qolmasligini bildirdi. Ushbu model platformasi asosida kamida beshta yangi avtomobil ishlab chiqiladi. Ular orasida pikap ham bo‘lishi kutilmoqda. Yangi Xterra brendning yo‘ltanlamas segmentdagi pozitsiyasini mustahkamlashga qaratilgan.
Qaynoq24.uz Chery Fengyun T9L Xitoyda rekord buyurtma olgani haqida yozgan edi.

