Google kompaniyasi Android 17 operatsion tizimining barqaror versiyasini mos Pixel qurilmalari uchun tarqata boshladi. Yangilanish bilan birga 2026-yil iyun oyiga mo‘ljallangan Pixel Feature Drop paketi ham taqdim etildi.
Android 17 fevral oyidan buyon bir nechta beta bosqichlaridan o‘tdi. Barqaror versiya 16-iyun kuni chiqarildi. Yangilanish Pixel 6 seriyasidan boshlab yangi Pixel 10 modellarigacha bo‘lgan ko‘plab qurilmalar uchun mavjud. Ular orasida Pixel 10, Pixel 10 Pro, Pixel 10 Pro Fold, Pixel 9, Pixel 8, Pixel 7, Pixel 6, Pixel Fold va Pixel Tablet modellari bor.
Android 17’da sun’iy intellekt imkoniyatlari kengaytirildi. Pixel qurilmalari Lyria 3 orqali matn yoki rasm asosida musiqa yaratish, Gemini Omni yordamida esa matndan video klip tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ayrim funksiyalar Gemini Pro obunasini talab qiladi.
Bundan tashqari, Bubbles funksiyasi endi barcha ilovalar bilan ishlaydi. Foydalanuvchi istalgan ilovani suzuvchi oynaga aylantirishi mumkin. Fold va planshetlarda esa Bubble Bar paydo bo‘ladi.
Yangilanishda ekran yozuvi vaqtida selfi kamera orqali reaksiyalar yozib olish, bukiluvchi qurilmalar uchun o‘yin rejimi, ilova holatini boshqa Android qurilmada davom ettirish, shuningdek, xavfsizlik va maxfiylikka oid yangi imkoniyatlar ham qo‘shilgan.
Qaynoq24.uz Google Gemini 3.5 sun’iy intellekt modelini taqdim etgani haqida yozgan edi.


