Google kompaniyasi Gemini 3.5 sun’iy intellekt modellari oilasini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.
Yangi avlod dastlab Gemini 3.5 Flash modeli bilan ishga tushirildi. Model Gemini ilovasi va Google qidiruvidagi AI Mode orqali barcha foydalanuvchilar uchun ochiq bo‘ldi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Gemini 3.5 Flash murakkab kod yozish va agent vazifalarini bajarishga moslashtirilgan. U uzoq davom etadigan ko‘p bosqichli jarayonlarni tezroq bajarishi mumkin. Google bu modelni “agentlar va dasturlash uchun eng kuchli Flash modeli” deb atamoqda.
Yangi model avvalgi Gemini 3.1 Pro‘dan bir qator testlarda yuqori natija ko‘rsatgan. Jumladan, Terminal-Bench 2.1 sinovida 76,2 foiz, MCP Atlas’da 83,6 foiz natija qayd etilgan. CharXiv Reasoning testida esa ko‘rsatkich 84,2 foizga yetgan.
Google’ga ko‘ra, Gemini 3.5 Flash boshqa yetakchi modellarga nisbatan tokenlarni to‘rt barobar tezroq generatsiya qiladi. Shu sababli u real vaqt rejimidagi dasturchilar ish jarayonlari va biznes avtomatlashtirish uchun qulay model sifatida ko‘rilmoqda. Model ishlab chiquvchilar uchun Google Antigravity, Google AI Studio va Android Studio orqali ham mavjud. Korporativ mijozlar undan Gemini Enterprise Agent Platform va Gemini Enterprise orqali foydalanishi mumkin.
Gemini 3.5 Flash allaqachon Gemini ilovasi va Google qidiruvidagi AI Mode uchun asosiy modelga aylandi. Shuningdek, sinovdan o‘tayotgan shaxsiy AI-agent Gemini Spark ham shu model asosida ishlaydi.
Google yangi modelni xavfsizlik talablari asosida ishlab chiqqanini bildirdi. Kompaniya kiberxavfsizlik, zararli kontent va xavfli materiallar bilan bog‘liq so‘rovlarga qarshi himoya kuchaytirilganini ta’kidladi. Bu modelning xavfsiz so‘rovlarga noto‘g‘ri rad javobi berish ehtimolini ham kamaytirishi aytilmoqda.
Qaynoq24.uz Google Pixel 11 smartfoni qanday dizaynda chiqishi haqida yozgan edi.

