Maextro S800 avtomobilining oltin bezakli versiyasi taqdim etiladi

Foto: Maextro
Jonibek Juraqulov
3 Daqiqa o‘qish

Huawei va JAC hamkorligida ishlab chiqarilgan Maextro S800 sedani yanada hashamatli talqinda chiqariladi. Yangi modifikatsiya Xitoyda iyun oxirida rasman namoyish etilishi kutilmoqda.

Model Maextro S800 Grand Design nomi bilan ataladi. Avtomobil raqamlarida esa Collector’s Edition yozuvi aks etgan. Bu uning kolleksion va cheklangan talqin sifatida joylashtirilayotganini ko‘rsatadi. Maextro S800 Xitoy bozorida 2025-yil yoz oxirida sotuvga chiqqan edi. Model “xitoycha Maybach” sifatida talqin qilinadi. U badavlat xaridorlar orasida yaxshi qabul qilindi.

Sotuvlar nima deydi

Foto: Maextro

2026-yil yanvar–aprel oylarida Xitoyda 5 465 ta Maextro S800 sotilgan. Bu ko‘rsatkich Mercedes-Maybach S-Class natijasidan yuqori. Ushbu davrda Maybach S-Class 3 012 dona sotilgan. Maextro S800 savdosi oddiy Mercedes-Benz S-Class va BMW 7-Series’dan ham yuqori bo‘lgan. Xitoyda Mercedes-Benz S-Class 2 596 dona, BMW 7-Series esa 2 976 dona sotilgan.

Shu bilan birga, model savdosi 2025-yil dekabrdagi darajadan pasaygan. O‘sha oyda 4 223 ta avtomobil sotilgan edi. Hozir esa oylik savdo hajmi taxminan to‘rt barobar kamroq. Shu sababli kompaniya xaridorlar qiziqishini oshirish uchun eksklyuziv versiyani tayyorlamoqda. Grand Design talqini tashqi ko‘rinishdagi hashamatli detallar bilan ajralib turadi.

Nimalar ma’lum

Foto: maextro

Avtomobil ikki rangli kuzov dizaynini saqlab qolgan. Namoyish etilgan versiyada yuqori qism oq, yon tomonlar esa ko‘k rangda ishlangan. Tashqi bezaklarda esa oltin rangli elementlar ko‘paytirilgan. Pozolota uslubidagi bezaklar moldinglar, logotiplar va g‘ildirak disklarida ko‘rinadi. Bu modelni oddiy S800’dan yanada qimmat va kolleksion ko‘rinishga olib chiqadi.

Maextro S800 Grand Design Qiankun ADS 5.0 elektron yordamchilar majmuasi bilan jihozlanadi. Tizimga lidar va qo‘shimcha kameralar kiradi. Kameralar avtomobilning markaziy ustunlariga o‘rnatilgan. Kuch qurilmasi bo‘yicha katta o‘zgarishlar kutilmayapti. Grand Design oddiy S800 kabi ikki xil talqinda taklif etiladi. Xaridorlar to‘liq elektr yoki ketma-ket gibrid versiyani tanlashi mumkin.

Foto: Maextro

Gibrid talqinda 1,5 litrli benzinli turbomotor generator vazifasini bajaradi. U akkumulyatorni quvvatlaydi, avtomobil esa asosan elektr tizimi orqali harakatlanadi. Salon qanday o‘zgarishi hozircha ma’lum emas. Interyer tafsilotlari iyun oxiridagi to‘liq taqdimotda ochiqlanishi kutilmoqda.

CarNewsChina ma’lumotiga ko‘ra, Maextro S800 Grand Design narxi $300 minggacha yetishi mumkin. Hozirgi S800’ning boshlang‘ich narxi 708 ming yuan, ya’ni taxminan $104 mingdan boshlanadi. Yangi versiya Maextro brendining premium segmentdagi mavqeini kuchaytirishga qaratilgan. Model Mercedes-Maybach, BMW 7-Series va boshqa hashamatli sedanlarga raqobatchi sifatida ko‘rilmoqda.

Qaynoq24.uz Geely Radar elektromobil pikap brendini to‘liq sotib olishi haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.