BYD kompaniyasi Dynasty oilasining yangi flagmani — BYD Da Han to‘liq o‘lchamli sedanining rasmiy suratlarini e’lon qildi. Bu haqda CNC xabar berdi.
Avtomobil avvalroq Xitoy Sanoat va axborot texnologiyalari vazirligining sertifikatlash hujjatlarida paydo bo‘lgan, keyinchalik mamlakat yo‘llaridagi sinovlar vaqtida bir necha bor kuzatilgan edi. BYD 27-iyul kuni Da Han’ning rasmiy tasvirlarini o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida taqdim etdi.
Model ayrim manbalarda BYD Great Han nomi bilan ham tilga olinmoqda.

Rasmiy suratlarda sedan yashil rangda namoyish etilgan. Avtomobilning old va orqa ustunlari tom chizig‘i bilan yaxlit shaklda birlashtirilgan, ushbu element kuzovdan ajralib turishi uchun kumush rangda ishlangan. Old qismida ingichka faralar BYD’ga xos «ajdar mo‘ylovi» dizayn elementi orqali tutashtirilgan. Bamperda trapetsiya shaklidagi havo kirish qismi va sport uslubidagi detallar qo‘llangan.
Da Han tomga o‘rnatilgan LiDAR sensori va old qanotlardagi kameralar bilan ishlaydigan DiPilot 5.0 haydovchiga ko‘maklashish tizimiga ega. Shuningdek, avtomobil yarim yashirin eshik tutqichlari, 21 dyuymli ko‘p spitsali disklar va kuzov kengligi bo‘ylab cho‘zilgan orqa chiroqlar bilan jihozlangan.

O‘lchamlar va dizayn
Sedanning uzunligi 5 256 mm, kengligi 1 999 mm, balandligi 1 510 mmni tashkil etadi. G‘ildirak bazasi 3 130 mmga teng. Taqqoslash uchun, BYD Da Han standart Mercedes-Benz S-Class’dan 66 mm uzunroq.
Elektromobilning barcha versiyalari 102,3 kWh sig‘imli litiy-temir-fosfat akkumulyatori bilan jihozlanadi. Batareya BYD’ning tezkor quvvatlash texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydi, biroq quvvatlash tezligi va batareyani to‘ldirish uchun talab qilinadigan vaqt hozircha ochiqlanmagan.
Boshlang‘ich orqa uzatmali versiyaning elektr motori 370 kW yoki 496 ot kuchigacha quvvat ishlab chiqaradi. Ushbu modifikatsiyaning CLTC sikli bo‘yicha yurish zaxirasi 1 008 kmni tashkil etadi.

To‘liq uzatmali yuqori komplektatsiya ikki elektr dvigateli bilan jihozlanadi. Ularning umumiy maksimal quvvati 570 kW yoki 764 ot kuchiga yetadi. Kuchliroq motorlar tufayli bu versiyaning yurish zaxirasi 880 kmni tashkil etishi kutilmoqda. Avtomobil orqa g‘ildiraklarni burish tizimiga ham ega bo‘ladi, bu katta o‘lchamli sedanning tor joylarda harakatlanishi va yuqori tezlikdagi barqarorligini yaxshilashi mumkin.
BYD Da Han DM-i plagin-gibrid kuch qurilmasi bilan ham taklif etiladi. Ushbu versiyada 154 ot kuchiga ega 1,5 litrli turbo benzin dvigateli va 268 ot kuchi ishlab chiqaradigan elektr motoridan foydalaniladi. 54,5 kWh sig‘imli akkumulyator gibrid sedanga benzin dvigatelini ishga tushirmasdan 470 kmgacha masofa bosib o‘tish imkonini beradi.
Da Han’ning rasmiy taqdimot sanasi, narxi va komplektatsiyalari hozircha e’lon qilinmagan. Yangi sedan BYD’ning amaldagi Han va Han L modellari ustida joylashib, Dynasty qatorining eng yirik va texnologik flagmaniga aylanishi kutilmoqda.
Qaynoq24.uz BYD Seal 06 elektromobili yangilanishi haqida yozgan edi.


