AQSh ma’muriyati Eronga qarshi iqtisodiy sanksiyalar uzoq muddatda harbiy zarbalardan ham ko‘proq zarar yetkazishi mumkin, deb hisoblamoqda. Axios nashrining yozishicha, Vashingtondagi rasmiylar Eron ichidagi iqtisodiy vaziyat og‘irlashayotgani, moliyaviy bosim kuchayayotgani va dunyodagi eng yirik neft zaxiralaridan biriga ega mamlakatda benzin taqchilligi kuzatilayotganiga e’tibor qaratmoqda.
Donald Tramp Eronga qarshi ketma-ket 13 kun davom etgan hujumlardan so‘ng hafta oxirida zarbalarni vaqtincha to‘xtatgan edi. U dushanba kuni Tehron kelishuvni muhokama qilish uchun uchrashuv o‘tkazishni so‘raganini ma’lum qildi. Biroq Eron Tashqi ishlar vazirligi vakili Ismoil Baqoiy bu da’voni rad etdi.
Ayni paytda Vashington va Tehron Ummon, Qatar hamda Pokiston boshchiligidagi vositachilar bilan alohida muzokaralar olib bormoqda. Vositachilar jangovar harakatlardagi tanaffusni uzoq muddatli sulhga aylantirishga urinmoqda.
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri Eron va Ummonga Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatini boshqarishda muayyan vakolat hamda qo‘shimcha daromad olish imkonini beradigan taklif bo‘lib turibdi. Ushbu mexanizmni ishlab chiqishda Malayziya, Singapur va Indoneziyaning Malakka hamda Singapur bo‘g‘ozlarini birgalikda boshqarish tajribasidan foydalanish taklif qilinmoqda.
Nimalar ma’lum
Yuqori martabali amaldorning aytishicha, Eron rahbariyatidagi ayrim guruhlar bunday kelishuvni qo‘llab-quvvatlamoqda, boshqalari esa unga qarshi. Tehron AQSh tomonidan qayta hujum qilinmasligi bo‘yicha kafolat olishni, muzlatilgan aktivlariga kirishni tiklashni va Amerika sanksiyalarining yumshatilishini talab qilmoqda.
Tramp ma’muriyati esa Eronning Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalar qatnoviga to‘sqinlik qilganidan so‘ng unga moliyaviy imtiyoz berishga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Vashington, shuningdek, Tehrondan qolgan yadroviy materiallarini topshirishni talab qilmoqda.
AQShning yana bir rasmiysi sanksiyalar va Amerika harbiy-dengiz kuchlari o‘rnatgan blokada Eronni muzokara stoliga qaytarish uchun keng ko‘lamli bombardimonga qaraganda ko‘proq vaqt talab qilishini tan oldi. Tramp hozircha Eronga qarshi to‘liq ko‘lamli harbiy amaliyot boshlashga rozilik bermagan.
Jarayonning cho‘zilishi respublikachilar uchun ichki siyosiy xavflarni ham oshirishi mumkin. Ular oraliq saylov kampaniyasi davomida ommalashmagan urushni va yonilg‘i narxlarining ko‘tarilishini saylovchilar oldida izohlashiga to‘g‘ri keladi. Tramp esa jurnalistlarga bosim natija berishini kutishga tayyor ekanini bildirdi.
Amerika razvedkasi ma’lumotlariga tayanayotgan amaldorlardan birining aytishicha, Eron o‘z jangchilariga haq to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida ma’lumotlar kelib tushmoqda. U buni Moliya vazirligi va uning rahbari Skott Bessent olib borayotgan iqtisodiy bosim siyosati bilan bog‘ladi.
Rasmiyning ta’kidlashicha, Eronda banklardan ommaviy pul yechib olish xavfi mavjud, mamlakatning ayrim hududlarida esa benzin taqchilligi yuzaga kelgan. Uning fikricha, Tehron AQSh Mudofaa vazirligining harbiy imkoniyatlaridan ko‘ra Moliya vazirligining sanksiyalaridan ko‘proq xavotirda.
Qaynoq24.uz AQSH va Saudiya Arabistoni yadroviy bitim imzolagani haqida yozgan edi.


