AQSH va Saudiya Arabistoni tinch maqsadlardagi atom energetikasi sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha tarixiy bitimni imzoladi. Bu haqda BBC ma’lum qildi.
Kelishuv qirollikka Amerika texnologiyalari asosida fuqarolik yadro dasturini rivojlantirish imkonini beradi hamda AQSH kompaniyalarining milliardlab dollarlik loyihalarda qatnashishi uchun huquqiy asos yaratadi.
Hujjatni AQSH energetika vaziri Kris Rayt va Saudiya Arabistoni energetika vaziri shahzoda Abdulaziz bin Salmon imzoladi. AQSH Energetika vazirligi kelishuvni ikki mamlakat o‘rtasidagi uzoq muddatli, ko‘p milliard dollarlik hamkorlikning asosi sifatida ta’rifladi. Tomonlar yadroviy xavfsizlik va tarqalmaslik talablarini tartibga soluvchi alohida kafolatlar bitimini ham imzolagan.
Kelishuvning to‘liq matni hozircha jamoatchilikka taqdim etilmadi. Amerika ommaviy axborot vositalarining yozishicha, hujjat Saudiya Arabistoniga kelajakda mamlakat hududida uranni boyitish va ishlatilgan yadroviy yoqilg‘ini qayta ishlash imkoniyatini berishi mumkin.
Boyitilgan uran atom elektr stansiyalari uchun yoqilg‘i sifatida ishlatiladi, biroq yuqori darajada boyitilganda yadroviy qurol yaratishda ham qo‘llanishi mumkin.
Saudiya Arabistonida uranni boyitishga ruxsat berilishi AQSHning fuqarolik yadro hamkorligi siyosatidagi muhim burilish bo‘lishi mumkin. Masalan, Birlashgan Arab Amirliklari bilan tuzilgan avvalgi kelishuvda uranni mamlakat hududida boyitish va ishlatilgan yoqilg‘ini qayta ishlashdan voz kechish talabi belgilangan edi. Saudiya Arabistoni bilan tuzilgan yangi bitimda esa bunday qat’iy cheklov mavjud emasligi aytilmoqda.
2026-yil yanvar holatiga yadroviy kallaklar soni
| O‘rin | Mamlakat | Yadroviy kallaklar soni |
|---|---|---|
| 1 | Rossiya | 5 420 ta |
| 2 | AQSH | 5 042 ta |
| 3 | Xitoy | 620 ta |
| 4 | Fransiya | 370 ta |
| 5 | Buyuk Britaniya | 225 ta |
| 6 | Hindiston | 190 ta |
| 7 | Pokiston | 170 ta |
| 8 | Isroil | 90 ta |
| 9 | Shimoliy Koreya | 60 ta |
Qaynoq24.uz Eron Kuvaytdagi AQSh bazasiga zarba berganini aytgani haqida yozgan edi.


