Nikolas Maduro ustidan o‘tkaziladigan sud sanasi aniq bo‘ldi

Foto: PBS
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Venesuelaning sobiq prezidenti Nikolas Maduro va uning rafiqasi Siliya Flores ustidan AQSHda giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq ayblovlar bo‘yicha sud jarayoni 2027-yil 1-iyunda boshlanadi. Bu haqda Nyu-York federal sudi sudyasi Alvin Hellerstayn qaror qabul qildi.

Sud sanasi prokuratura va himoya tomonining qo‘shma so‘rovi asosida belgilandi. Maduro va Flores 2026-yil yanvaridan beri Bruklindagi federal qamoqxonada saqlanmoqda. Ular AQSH harbiylari tomonidan Karakasdagi uyida tungi amaliyot davomida qo‘lga olinib, Nyu-Yorkka olib kelingan edi.

AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati mazkur amaliyotni olti yil avval boshlangan jinoiy ish doirasidagi «aniq huquqni muhofaza qilish operatsiyasi» sifatida ta’riflagan. Maduro esa qo‘lga olinishini noqonuniy o‘g‘irlash deb atab, o‘zini «harbiy asir» deb hisoblashini bildirgan. U va rafiqasi o‘zlariga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etmoqda.

AQSH prokuraturasi Maduro Venesuela davlat apparatidan noqonuniy giyohvand moddalar savdosini himoya qilish va rivojlantirish uchun foydalanganini da’vo qilmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, u Venesuela huquqni muhofaza qiluvchi organlari va narkokartellar bilan hamkorlik qilib, AQSHga katta hajmda kokain yetkazib berishga ko‘maklashgan. Biroq bu da’volar sudda hali isbotlanmagan.

Maduro va Flores aybdor deb topilsa, umrbod ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Ular 15 daqiqa davom etgan so‘nggi sud majlisida advokatlari bilan alohida o‘tirgan va jarayon davomida so‘zga chiqmagan. Har ikki ayblanuvchi ham hozircha garov evaziga ozod etilishini so‘ramagan.

Sudya Hellerstayn 17-noyabrga navbatdagi eshituvni ham belgiladi. Unda himoya tomonining dastlabki iltimosnomalari, jumladan Maduro va Floresning Venesuelada qo‘lga olinishi hamda AQSHga olib kelinishi qonuniyligi yuzasidan e’tirozlar ko‘rib chiqiladi. Himoya advokatlari sentabr oyidan boshlab ayblov xulosasini bekor qilishga qaratilgan hujjatlarni sudga topshirishi rejalashtirilgan.

Qaynoq24.uz Venesueladagi zilzilalarda halok bo‘lganlar soni qariyb 3 ming kishiga yetgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.