Venesuelada iyun oxirida yuz bergan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 2954 nafarga yetdi. Bu haqda mahalliy nashrlarga tayanib DW xabar berdi.
Mamlakat parlamenti spikeri Xorxe Rodrigesning ma’lum qilishicha, tabiiy ofat sabab kamida 16 592 kishi jarohat olgan. Qutqaruv ishlari o‘n kundan beri davom etayotgan bo‘lsa-da, xalqaro guruhlar vayronalar ostida tirik qolganlarni qidirish operatsiyalarini bosqichma-bosqich yakunlamoqda.
O‘n minglab odamlar bedarak yo‘qolgan
Zilziladan keyin o‘n minglab odamlar hamon bedarak yo‘qolganlar ro‘yxatida qolmoqda. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, norasmiy hisob-kitoblarda bedarak ketganlar soni 41 mingdan oshgani aytilmoqda. Ayrim manbalarda BMT bahosiga tayanib, 50 minggacha odamning taqdiri noma’lum ekani keltirilgan.
Qutqaruvchilar ta’kidlashicha, zilzila kabi favqulodda holatlarda vayronalar ostidan odamlarni tirik topish uchun eng muhim vaqt odatda dastlabki 72 soat hisoblanadi. Shunga qaramay, ayrim odamlar bir necha kundan keyin ham tirik holda topilgani xabar qilinmoqda.
Eng katta talafot La-Guayra shtatida kuzatildi
Tabiiy ofatdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri — poytaxt Karakas shimolidagi La-Guayra shtati bo‘ldi. Bu yerda Venesuelaning xalqaro aeroporti va yirik dengiz porti joylashgan. Zilzilalar oqibatida ko‘plab turar joy majmualari qulagan, minglab odamlar ko‘chada yoki vaqtinchalik lagerlarda qolgan.
The Guardian keltirgan dastlabki sun’iy yo‘ldosh tahlillariga ko‘ra, zilzilalar natijasida 58 mingdan ortiq bino zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu raqam hukumatning dastlabki rasmiy baholaridan ancha yuqori.
Ikki kuchli silkinish bir necha soniya farq bilan yuz bergan
Zilzilalar 24-iyun kuni Venesuela shimolida, Karakasdan g‘arbda sodir bo‘lgan. Ularning magnitudasi mos ravishda 7,2 va 7,5 deb baholangan. Ikki kuchli silkinish orasidagi vaqt juda qisqa — ayrim xabarlarda 38–39 soniya ekani qayd etilgan. Shundan keyin mamlakatda yuzlab aftershoklar kuzatilgan.
Mutaxassislar bunday hodisani “seysmik duplet” deb ataydi. Ya’ni bir hududda qisqa vaqt oralig‘ida ikkita yirik zilzila sodir bo‘ladi. DW ma’lumotiga ko‘ra, bu Venesueladagi so‘nggi 125 yil ichidagi eng kuchli zilzilalardan biri bo‘lgan.
Hukumat favqulodda holat e’lon qildi
Zilzilalardan keyin Venesuela hukumati favqulodda holat va yetti kunlik motam e’lon qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘n minglab qutqaruvchilar, jumladan, xorijiy mutaxassislar ham qidiruv-qutqaruv ishlariga jalb qilingan.
Mahalliy aholi esa qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar dastlabki soatlarda vayronalarni o‘zlari, ba’zan qo‘l bilan kovlashga majbur bo‘lganini aytmoqda. Kasalxonalar haddan tashqari yuklama ostida ishlamoqda, ayrim hududlarda suv, oziq-ovqat va dori-darmon yetishmovchiligi kuzatilmoqda.
Qaynoq24.uz Venesueladagi zilzilalar qurbonlari soni 2,3 ming kishiga yaqinlashgani haqida yozgan edi.


