O‘zbekistonda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15-yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun yangi subsidiya tartibi joriy etildi.
Hukumatning 2026-yil 12-iyundagi 310-son qarori bilan ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, fuqaro ro‘yxatdan o‘tgan hududidan qat’i nazar, subsidiya dasturi doirasida mamlakatning istalgan hududidan birlamchi uy-joy bozoridagi xonadonni ipoteka krediti asosida sotib olishi mumkin.
Subsidiya olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali qabul qilinadi. Ariza beruvchini baholash jarayonida uning amalda davlat tibbiyot muassasasida faoliyat yuritayotgani hamda davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15-yillik ish stajiga ega ekani tasdiqlanishi shart.
Subsidiya bir oilaga, ya’ni er yoki xotindan biriga, faqat bir marta beriladi. Tanlov onlayn tarzda o‘tkaziladi.
Mezonlarga to‘liq mos kelgan ishtirokchilar orasidan har chorak uchun belgilangan kvota doirasida 125 nafar g‘olib avtomatik tasodifiy tanlash imkonini beruvchi veb-saytlar, jumladan random.org orqali aniqlanadi.
Subsidiya ajratish haqida xabarnoma olgan g‘olib uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish uchun qurilish yoki pudrat tashkiloti bilan birlamchi shartnoma tuzadi.
Qaynoq24.uz tibbiyot xodimlari besh kunlik ish rejimiga o‘tgani haqida yozgan edi.


