Fransiya va Buyuk Britaniya Hormuz bo‘g‘ozida kemalar harakati xavfsizligini ta’minlash uchun yangi missiyani boshqaradi. Bu haqda Parijda o‘tgan xalqaro uchrashuv yakunida ma’lum qilindi.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ushbu tashabbus bilan chiqdi. Ularning aytishicha, missiya imkon qadar tez ishga tushiriladi va asosan tinchlik hamda mudofaa vazifalariga qaratiladi.
Missiyaning asosiy vazifasi tijorat kemalarining xavfsiz harakatini ta’minlash va dengiz hududlarini minalardan tozalashdan iborat bo‘ladi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘ndan ortiq davlat ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
Germaniya ham bu operatsiyada ishtirok etishga tayyor. Kansler Fridrix Mers mamlakati minalarni zararsizlantirish va dengiz razvedkasi kabi vazifalarni bajarishi mumkinligini aytdi. Biroq Berlin bir nechta shartlarni ilgari surdi. Eng avvalo, Yaqin Sharqdagi mojaro yakunlanishi kerak. Shuningdek, operatsiya xalqaro huquqiy asosga ega bo‘lishi zarur.
Ayni vaqtda AQSh prezidenti Donald Tramp va Eron tomoni Hormuz bo‘g‘ozining vaqtincha ochilganini e’lon qildi. Bu qaror Livandagi 10 kunlik sulh davriga to‘g‘ri kelmoqda.
Qaynoq24.uz AQSH Eronga qarshi “Iqtisodiy g‘azab” operatsiyasini boshlagani haqida yozgan edi.

