Qirg‘izistonda yangi tug‘ilgan bolalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi o‘zgartirilishi mumkin. Bu haqda Kaktus Media xabar bermoqda.
Tegishli qonun loyihasi 17-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Tashabbus mualliflari Jogorku Kenesh deputatlari Bolotbek Borbiyev, Dastan Bekeshev, Seyidbek Atambayev va Irysbek Atajanov hisoblanadi.
Hujjatga ko‘ra, ota-onalar o‘zaro kelishuv asosida farzandiga defis orqali yoziladigan qo‘sh familiya berishi mumkin bo‘ladi. Familiyalar tartibini ham ota-onalarning o‘zi belgilaydi: avval onaning, keyin otaning familiyasi yoki aksincha bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, qonun loyihasida uch qismdan iborat familiyalarni taqiqlash taklif etilmoqda. Mualliflarning fikricha, bu kelajak avlodlarda familiyalarning haddan tashqari uzun va murakkab bo‘lib ketishining oldini oladi.
Hozirda Qirg‘iziston qonunchiligi tug‘ilganlikni ro‘yxatga olishda bolaga qo‘sh familiya berishga imkon bermaydi. Biroq loyiha mualliflariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda ikkala ota-onaning familiyasini saqlab qolishni istayotgan oilalar soni ortmoqda.
Qonun loyihasini ishlab chiqishga aniq bir holat sabab bo‘lgan. Fuqarolar farzandlariga Titov-Xan familiyasini berishni xohlagan, biroq amaldagi qonunchilikda bunday imkoniyat yo‘qligi sababli ularga rad javobi berilgan.
Tashabbus mualliflari yangi normalar oilalarga o‘z tarixini saqlash va bolaning kelib chiqishini ota hamda ona tomonidan aks ettirish imkonini berishini ta’kidlamoqda.
Qaynoq24.uz YI Qirg‘izistonning ikki bankiga sanksiya joriy qilgani haqida yozgan edi.


