Realme kompaniyasi 2026-yilda GT 9 va Neo 9’ni chiqarmaydi

Foto: Gizchina
Jonibek Juraqulov
1 Daqiqa o‘qish

Realme kompaniyasi Xitoy bozoridagi mustaqil faoliyatini vaqtincha to‘xtatib, asosiy e’tiborini xalqaro bozorlarga qaratmoqda. Bu haqda Gizchina nashri ma’lum qildi.

Kompaniya rahbari Sky Li ushbu qaror resurslarni xorijdagi faoliyatni kengaytirishga, jumladan, yuqori unumdorlikka ega va o‘yinlar uchun mo‘ljallangan qurilmalarni rivojlantirishga yo‘naltirish imkonini berishini ma’lum qilgan.

Realme’ning Xitoydagi servis va dasturiy ta’minot bilan bog‘liq xizmatlarini Oppo o‘z zimmasiga oladi.

Digital Chat Station taxallusi bilan tanilgan insayder ma’lumotiga ko‘ra, Xitoy bozori uchun ishlab chiqarilayotgan amaldagi Realme smartfonlarining yangi partiyalari chiqarilishi allaqachon to‘xtatilgan. Omborlardagi mavjud qurilmalar taxminan noyabr oyigacha sotib tugatilishi kutilmoqda. Shundan so‘ng brendning Xitoydagi yangi smartfonlar savdosi deyarli to‘liq to‘xtashi mumkin.

Strategiyadagi o‘zgarish sabab Realme GT 9 va Neo 9 turkumidagi smartfonlar 2026-yilda Xitoyda taqdim etilmaydi. Ushbu modellar kompaniyaning yuqori unumdor va flagmanlarga yaqin qurilmalari qatoridan joy olishi kutilayotgan edi. Biroq ular hozircha Realme’ning Xitoy mahsulot taqvimidan chiqarilgan. Ma’lumot rasman tasdiqlanmagani sabab GT 9 va Neo 9 loyihalari butunlay bekor qilinganmi yoki ularning taqdimoti keyinga surilganmi, hozircha noma’lum.

Realme’ning Xitoy bozoridagi mavqeyi Xiaomi, Oppo, Honor va Vivo kabi yirik mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan keskin raqobat sharoitida zaiflashgan.

Qaynoq24.uz Realme C100x smartfoni taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
2006-yilda Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan. Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti talabasi. Kompyuter texnologiyalari, sport, iqtisodiy mavzularda yozishni yoqtiradi. Muvaffaqiyatli shaxslar va huquqiy mavzularda maqolalari chop etilgan. Jonibek Juraqulov Qaynoq24.uz nashrining ma’sul jurnalisti ham hisoblanadi. Aloqa uchun: j.juraqulov@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.