Xorazm, Sirdaryo va Surxondaryo viloyatlarida jami 606,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi o‘tkazgan tergovga qadar tekshiruvda bir fuqaro «Al-Beruniy» mahallasi hududidagi ko‘chma savdo do‘konini umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, 282,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangan.
Guliston shahrida esa fermer xo‘jaligining mas’ul shaxslari «Sholikor» suv iste’molchilari uyushmasi hududidagi yer maydonida suv nasoslarini ishlatish vaqtida elektr hisoblagichga tashqi ta’sir ko‘rsatgan. Natijada ular 194,7 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani qayd etilgan.
Termiz tumanidagi tekshiruv davomida yana bir fuqaro «Nurafshon» mahallasidagi xonadonini umumiy elektr tarmog‘iga to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ruxsatsiz ulab, 129,3 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani ma’lum bo‘lgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qaynoq24.uz Qashqadaryoda 2,5 mln so‘m olayotgan elektromontyor ushlangani haqida yozgan edi.


