Xiaomi kompaniyasi Redmi Note 17 seriyasini xalqaro bozorga chiqarishga tayyorlanmoqda. YTECHB ma’lumotlariga ko‘ra, yangi smartfonlarning Yevropadagi narxi 250 yevrodan boshlanib, eng qimmat versiyada 600 yevrogacha yetishi mumkin.
Global bozorda seriya to‘rtta modeldan iborat bo‘lishi kutilmoqda: Note 17 4G, Note 17 5G, Note 17 Pro 5G va Note 17 Pro Max 5G. Shunday qilib, xaridorlarga mobil aloqa infratuzilmasi va ehtiyojiga qarab 4G yoki 5G versiyalarini tanlash imkoniyati beriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Note 17 4G‘ning 4 GB tezkor va 128 GB ichki xotiraga ega boshlang‘ich versiyasi Yevropada €250 turadi. 6/256 GB xotirali modifikatsiya narxi 300 yevro bo‘lishi kutilmoqda. 5G tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan, 6 GB tezkor va 256 GB ichki xotiraga ega Note 17 esa €400 ga baholanishi mumkin.
Note 17 Pro 5G‘ning 6/256 GB versiyasi €500, seriyaning eng yuqori modeli — 8 GB tezkor va 256 GB ichki xotirali Redmi Note 17 Pro Max 5G esa €600 turishi aytilmoqda.
Standart Note 17 modeli 108 megapikselli asosiy kamera bilan jihozlanishi hamda qora, ko‘k va binafsha ranglarda taqdim etilishi kutilmoqda. Yevropa bozori uchun eng arzon konfiguratsiya 4 GB tezkor va 128 GB ichki xotiradan boshlanadi.
Xiaomi Note 17 va Note 17 Pro modellarini iyul oyida Xitoyda taqdim etgan edi. Mish-mishlarga ko‘ra, seriyaning Hindistondagi taqdimoti 6-avgustda o‘tkaziladi. Global narxlar va qurilmalarning to‘liq texnik xususiyatlari kompaniya tomonidan hozircha rasman tasdiqlanmagan.
Qaynoq24.uz Redmi 17 4G smartfoni qanday texnik imkoniyatlarga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.


