Huawei kompaniyasi xalqaro bozorda Huawei nova Y74 smartfonini taqdim etdi. Qurilma katta akkumulator, yirik ekran va mustahkam korpusga urg‘u beradi.
Smartfon 6620 mA/soat sig‘imli kremniy-uglerod akkumulator bilan jihozlangan. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, u to‘liq quvvat bilan 24,9 soatgacha onlayn video ko‘rish imkonini beradi.
Shuningdek, telefon bir quvvatda 48 soatgacha qo‘ng‘iroq rejimida ishlashi mumkin. Bu modelni uzoq ishlash vaqtiga e’tibor beradigan foydalanuvchilar uchun qulay qiladi. Huawei nova Y74 40 W simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Kompaniya ta’kidlashicha, akkumulator 30 daqiqada 53 foizgacha quvvat oladi.
15 daqiqalik qisqa quvvatlash esa taxminan besh soat video tomosha qilish uchun yetarli bo‘lishi aytilmoqda. Smartfon 6,67 dyuymli LCD displeyga ega. Ekran HD+ aniqlik, 90 Hz yangilanish chastotasi va 850 nitgacha yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi.
Displey 2026-yil standartlari bo‘yicha eng yuqori aniqlikka ega emas. Biroq bu ko‘rsatkich budjet segmentidagi qurilmalar uchun odatiy hisoblanadi.
Huawei ekranga nam qo‘l bilan boshqarish funksiyasini ham qo‘shgan. Bu yomg‘irli ob-havoda yoki qo‘l nam bo‘lgan paytda smartfondan foydalanishni osonlashtiradi.
Qurilmaning orqa tomonida 50 MP asosiy kamera joylashgan. Kamera kvadrat shakldagi modulga o‘rnatilgan. Old tomonda esa 8 MP selfi kamera mavjud. U videoqo‘ng‘iroqlar va kundalik suratlar uchun mo‘ljallangan.
Huawei nova Y74 8 GB tezkor xotira va 256 GB gacha doimiy xotira bilan taklif qilinadi. Smartfon NFC, Bluetooth 5.1 va ikkita SIM-kartali 4G aloqani qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma EMUI 12 interfeysi bilan ishlaydi. Unda Huawei’ning sozlanadigan X Button tugmasi ham bor.
Ushbu tugma orqali foydalanuvchi ilovalar yoki tezkor funksiyalarni ishga tushirishi mumkin. Huawei rasmiy sahifasida smartfon protsessori haqida ma’lumot bermagan. GSMArena esa qurilma Kirin 8000 seriyasidagi chipga ega bo‘lishi mumkinligini yozmoqda.
Kompaniya nova Y74 mustahkamligiga ham alohida urg‘u bergan. Smartfon SGS 5-Star Drop Resistance sertifikatiga ega.
Huawei ma’lumotiga ko‘ra, qurilma 1,8 metrgacha balandlikdan tushishga bardosh bera oladi.
Qaynoq24.uz Huawei nova 16 seriyasi taqdim etilgani haqida yozgan edi.


