Xiaomi 17T smartfoni Hindistonda 4-iyun kuni taqdim etiladi. Taqdimot oldidan qurilmaning ehtimoliy narxi haqida ma’lumotlar tarqaldi.
Insayder Abhishek Yadav ma’lumotiga ko‘ra, Xiaomi 17T Hindiston bozorida ikki xil xotira talqinida sotuvga chiqadi. Ular 12/256 GB va 12/512 GB versiyalaridir. Smartfonning boshlang‘ich narxi 65 999 rupiy (700 dollar) bo‘lishi kutilmoqda. Bu Xiaomi’ning Hindistondagi T seriyasiga qaytishini anglatadi.
Kompaniya bu seriyadagi so‘nggi modelini Hindistonda 2022-yilda chiqargan edi. O‘shanda Xiaomi 11T Pro taqdim etilgan. Shu sabab yangi modelni bevosita avvalgi avlod bilan narx bo‘yicha solishtirish qiyin.

Xiaomi 17T 6,59 dyuymli 1.5K LTPS ekran bilan jihozlanishi kutilmoqda. Displey 120 Hz yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Ekranning maksimal yorqinligi 3 500 nitgacha yetishi aytilmoqda. HBM rejimida esa yorqinlik 2 000 nit bo‘ladi.
Smartfon Dolby Vision, ikkita stereo dinamik va Dolby Atmos texnologiyalariga ega bo‘lishi mumkin. Bu qurilmani video tomosha qilish va o‘yinlar uchun qulayroq qiladi. Xiaomi 17T MediaTek Dimensity 8500 Ultra chipi bilan ishlashi kutilmoqda. Qurilmada LPDDR5X Ultra operativ xotira va UFS 4.1 saqlash xotirasi bo‘lishi mumkin.
Kamera qismida ham kuchli imkoniyatlar kutilmoqda. Smartfon 50 MP Leica Light Fusion 800 asosiy sensoriga ega bo‘lishi aytilmoqda. Shuningdek, 5 karra optik yaqinlashtirishga ega 50 MP periskop telekamera ham bo‘ladi. U 120 karra AI zoom imkoniyatini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Uchinchi kamera 12 MP ultra keng burchakli sensor bo‘ladi. Uning ko‘rish burchagi 120 darajani tashkil etadi. Selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun 32 MP old kamera o‘rnatilishi kutilmoqda. Orqa kamera 4K videoni 60 kadr tezlikda yozadi. Old kamera esa 4K videoni 30 kadr tezlikda yozishi mumkin.
Xiaomi 17T 6 500 mA·soat sig‘imli akkumulyator olishi aytilmoqda. U 67 W simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, 22,5 W teskari simli quvvatlash ham bo‘lishi mumkin. Bu orqali boshqa qurilmalarni smartfon yordamida quvvatlash mumkin bo‘ladi. Qurilma IP68 himoya darajasiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu chang va suvdan himoyani anglatadi.
Smartfon Bluetooth 6.0, NFC va Wi-Fi 7 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Unda ekran ostiga joylashtirilgan barmoq izi skaneri ham bo‘ladi.
Qaynoq24.uz Honor 600 Pro va Xiaomi 17 smartfonlarini taqqoslagan edi.


