Myanmadagi portlashda kamida 55 kishi halok bo‘ldi

Foto: Shwe Phee Myay
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Myanmaning isyonchilar nazoratidagi hududida kuchli portlash yuz berdi. Hodisa oqibatida kamida 55 kishi halok bo‘ldi, o‘nlab odamlar jarohatlandi.

BBC’ga vaziyatdan xabardor manba ma’lum qilishicha, portlash Shan shtatidagi Namkham shaharchasiga qarashli Kaung Tat qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Bu hudud Xitoy chegarasiga yaqin joylashgan. Manbaga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida 25 nafar ayol va 30 nafar erkak bor. Boshqa xabarlarda qurbonlar soni biroz farqli ko‘rsatilgan.

Portlash yakshanba kuni sodir bo‘lgan. Voqeadan ko‘p o‘tmay qishloq ustida katta tutun buluti ko‘tarilgani ko‘ringan. Hududni nazorat qiluvchi Taang milliy ozodlik armiyasi portlash konchilik va tosh qazib olishda ishlatiladigan portlovchi moddalar sabab yuz berganini bildirdi. Guruh Myanmadagi harbiy xuntaga qarshi kurash olib boradi.

AFP agentligi keltirgan bayonotga ko‘ra, “tasodifiy portlash” mahalliy vaqt bilan taxminan soat 12:00 da sodir bo‘lgan. Taang milliy ozodlik armiyasi portlash oqibatida ko‘plab mahalliy aholi halok bo‘lgani, jarohatlangani va uylar zarar ko‘rganini ma’lum qildi.

Foto: Shwe Phee Myay

Voqea joyidan olingan kadrlarda yer va vayronalar orasida katta chuqur hosil bo‘lgani ko‘rinadi. Atrofdagi binolar jiddiy shikastlangan, ayrim joylardan tutun ko‘tarilgan. Mahalliy aholining aytishicha, portlashdan keyin qishloqda vahima va sarosima boshlangan. Ayrimlar avvaliga bu havo hujumi bo‘lgan deb o‘ylagan.

Ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar orasida bolalar ham bor. Yuzlab uy zarar ko‘rgani va deyarli butun bir mahalla portlashdan ta’sirlangani aytilmoqda.

Taang milliy ozodlik armiyasi Myanmadagi harbiy xuntaga qarshi turgan eng kuchli etnik qurolli guruhlardan biri hisoblanadi. Mamlakat ilgari Birma nomi bilan ham tanilgan.

AFP ma’lumotiga ko‘ra, Myanmadagi ko‘plab isyonchi guruhlar faoliyatini moliyalashtirish uchun qimmatbaho minerallar qazib olishga tayanadi. Xavfsizlik qoidalariga yetarlicha amal qilinmasligi esa konlarda qulash va boshqa baxtsiz hodisalar xavfini oshiradi.

Myanmada 2021-yildagi harbiy to‘ntarishdan beri beqarorlik davom etmoqda. Turli hududlarda armiya va qurolli guruhlar o‘rtasida janglar ketmoqda.

Qaynoq24.uz Xitoydagi ko‘mir konida portlash oqibatida 90 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.