Xitoydagi ko‘mir konida portlash oqibatida 90 kishi halok bo‘ldi

Foto: Pexels / J.D. Books
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

Xitoydagi ko‘mir konida gaz portlashi yuz berdi. Hodisa oqibatida kamida 90 kishi halok bo‘ldi, deb xabar berdi mamlakat davlat OAVlari.

Portlash Shansi provinsiyasidagi Lyushenyu ko‘mir konida sodir bo‘lgan. Kon Tunzhou Group kompaniyasi tomonidan boshqariladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa juma kuni mahalliy vaqt bilan 19:29 da yuz bergan. O‘sha paytda konda 247 nafar ishchi bo‘lgan. Voqea joyiga yuzlab qutqaruvchilar yuborilgan. Davlat OAVlari tarqatgan kadrlarda tez yordam mashinalari va zambil ko‘targan tibbiyot xodimlari ko‘ringan. 100 nafardan ortiq odam shifoxonaga yetkazilgan. Qutqaruv ishlari hamon davom etmoqda.

Xitoy raisi Si Szinpin jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va tirik qolganlarni qidirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishni topshirdi. U hodisa sabablarini tekshirish va aybdorlarni javobgarlikka tortishni ham talab qildi. Davlat OAVlari ma’lumotiga ko‘ra, kon rahbarlari qo‘lga olingan. Gaz portlashining aniq sababi hozircha e’lon qilinmagan.

Biroq konda uglerod oksidi miqdori me’yordan oshgani aniqlangani aytilmoqda. Uglerod oksidi rangsiz va hidsiz, lekin juda zaharli gaz hisoblanadi. Xitoy Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv ishlariga olti guruhdan 345 nafar mutaxassisni yuborgan.

Shansi Xitoyning ko‘mir qazib olish bo‘yicha asosiy hududlaridan biri hisoblanadi. Bu provinsiya mamlakatning “ko‘mir poytaxti” sifatida ham tanilgan. 2000-yillar boshida Xitoy ko‘mir sanoatida yirik avariyalar tez-tez sodir bo‘lgan. So‘nggi yillarda xavfsizlik talablari kuchaytirilgan bo‘lsa-da, bunday hodisalar hamon uchrab turibdi.

2023-yilda Ichki Mongoliyadagi ochiq ko‘mir konida qulash yuz berib, 53 kishi halok bo‘lgan edi. 2009-yilda esa Xeylunszyan provinsiyasidagi konda portlash oqibatida 100 nafardan ortiq odam vafot etgan.

Qaynoq24.uz AQSh Xitoyni SI texnologiyalarini o‘g‘irlashda ayblagani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.