Tramp Eron bilan kelishuvni e’lon qildi

Foto: Getty Images
Mohinur Rajabova
2 Daqiqa o‘qish

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozi tijorat kemalari uchun ochiladi, AQSh esa dengiz blokadasini bekor qiladi.

Tramp yakshanba kuni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida kelishuv haqida yozar ekan, Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish tiklanishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi AQSh prezidentlari erisha olmagan natijaga aynan uning ma’muriyati erishgan. Tramp kelishuvni «buyuk bitim» deb atab, u butun mintaqa uchun tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashini bildirdi.

Biroq kuzatuvchilar kelishuv atrofida hanuz ko‘plab savollar va xavflar borligini ta’kidlamoqda. Chunki yuqori darajadagi diplomatik bitimlarning muvaffaqiyati, odatda, tafsilotlarga bog‘liq bo‘ladi. Hozircha esa kelishuvning aniq shartlari to‘liq ochiqlanmagan.

AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens Fox News telekanaliga bergan intervyusida kelishuvda Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lmasligi masalasi aks etganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, AQSh Eron tomonidan kelishuvga rioya etilishini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Shunga qaramay, bu boradagi asosiy masalalar keyingi muzokaralarda aniqlashtirilishi kutilmoqda. Hozirgi sulh muddati yana 60 kunga uzaytiriladi va shu davrda «texnik» muzokaralar o‘tkaziladi.

Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi esa yakshanba kuni bayonot berib, yakuniy muzokaralar memorandum bo‘yicha «qarshi tomon majburiyatlari bajarilgandan keyin» davom ettirilishini ma’lum qildi. Bu esa kelishuvning kelajagi ko‘p jihatdan tomonlar o‘z majburiyatlarini qanday talqin qilishiga bog‘liq bo‘lishini anglatadi.

Qaynoq24.uz Netanyaxu Tramp bilan Eron bo‘yicha ehtimoliy kelishuvni muhokama qilgani haqida yozgan edi.

TAGGED:
Ushbu maqolani ulashish
Obuna bo‘ling:
Jurnalist, tarjimon. 2003-yilda Surxandaryoda tug‘ilgan. Mutaxassisligi filolog. Aloqa uchun: message@qaynoq24.uz
Sharhlar mavjud emas

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Qaynoq24 — Oʻzbekiston va dunyodagi eng soʻnggi yangiliklarni tezkor, ishonchli va xolisona tarzda taqdim etuvchi yangiliklar portali.