Isroil armiyasi bosib olingan G‘arbiy Sohilning turli hududlarida o‘tkazgan reydlar davomida 22 nafar falastinlikni hibsga oldi. Hibsga olinganlar orasida avval qamoqda bo‘lgan shaxslar ham bor.
Mahbuslar media ofisi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil kuchlari G‘arbiy Sohilning bir nechta shaharlarida bir vaqtning o‘zida reydlar o‘tkazgan. G‘arbiy Sohil janubidagi al-Xalil shahrida joylashgan Favvor qochqinlar lagerida uylar tintuv qilingan.
Reyd davomida Isroil kuchlari lagerda 25 nafar falastinlikni ushlab, ularni joyida so‘roq qilgan. Shundan so‘ng 6 kishi hibsga olingan, qolganlari esa qo‘yib yuborilgan. Bayt Lahm shahrida esa 11 kishi hibsga olindi. Ular orasida avval qamoqda bo‘lgan Fatoh harakati bosh kotibi Marvon Mahmud Farroja ham borligi aytilmoqda.
G‘arbiy Sohil shimolidagi Tubas shahrida o‘tkazilgan reydda 3 nafar falastinlik, Tulkarmda esa uylariga bostirib kirilib, tintuv o‘tkazilgan 2 nafar falastinlik hibsga olingan.
Mahbuslar media ofisi bu hibsga olishlar Isroilning falastinliklarga nisbatan bosimni kuchaytirish siyosati bilan bog‘liq ekanini bildirdi. Bayonotda, ayniqsa, avval ozod qilingan mahbuslar va faollar nishonga olinayotgani qayd etilgan.
2023-yil oktabr oyida Isroilning G‘azo sektoriga hujumlari boshlanganidan beri G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddusda ham falastinliklarga qarshi reydlar, hibsga olishlar va hujumlar ko‘paygani aytilmoqda.
Isroil armiyasi hamda falastin yerlarini egallab olgan isroillik ko‘chmanchilar G‘arbiy Sohilning turli hududlarida tez-tez reydlar o‘tkazmoqda. Bunday hujumlar o‘lim, jarohatlanish, hibsga olish, mulklarni vayron qilish, ekinlar va chorva mollariga zarar yetkazish holatlari bilan yakunlanayotgani bildirilmoqda.
Qaynoq24.uz Vens Isroilni AQSh bilan bahslashmaslikka chaqirgani haqida yozgan edi.


