O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Filippin prezidenti Ferdinand Markosga ta’ziya yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’ziya Filippinning Mindanao oroli janubiy sohillarida yuz bergan kuchli zilzila oqibatlari munosabati bilan yo‘llangan. Tabiiy ofat natijasida ko‘plab odamlar halok bo‘lgan va jarohatlangan. Davlat rahbari qurbonlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, zilziladan jabrlanganlar tez orada sog‘ayib ketishini tiladi.
Zilzila: qachon va qayerda
Filippinning janubidagi Mindanao oroli yaqinida 7,8 magnitudali kuchli zilzila yuz berdi. Yer silkinishi mahalliy vaqt bilan dushanba kuni soat 07:37 da qayd etildi. Zilzila oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘ldi.
Tabiiy ofatdan keyin Filippin, Indoneziya, Yaponiya va Avstraliyada sunami xavfi e’lon qilindi. Bir necha soatdan so‘ng ogohlantirishlar bekor qilindi yoki xavf darajasi pasaytirildi. Filippin Fuqaro mudofaasi boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlarning 31 nafari Soccsksargen mintaqasida qayd etilgan. Yana to‘rt kishi Davao hududida halok bo‘lgan. Kamida 134 kishi jarohat olgan, 10 mingga yaqin oila esa xavfsiz joylarga ko‘chirilgan.

Zilzila ayrim hududlarda binolarning qulashiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda Jollibee tez ovqatlanish restorani vayron bo‘lgani aks etgan video va suratlar tarqaldi. Ba’zi joylarda ko‘chki holatlari ham qayd etilgan.
Mindanao Filippinning maydoni va aholisi bo‘yicha ikkinchi yirik oroli hisoblanadi. Orolda qariyb 26 mln kishi yashaydi. Shu sababli zilzila ko‘plab aholi punktlariga ta’sir ko‘rsatgan.
Filippin prezidenti Ferdinand Markos favqulodda xizmatlar tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun muvofiqlashtirilgan holda ishlayotganini bildirdi. U hukumat Mindanaoni yordamdan chetda qoldirmasligini ta’kidladi.
Qaynoq24.uz Indoneziyada 7,4 magnitudali zilzila sodir bo‘lgani haqida yozgan edi.


