Vengriya bosh vaziri Peter Madyar sobiq vazirlik binosidan maydalangan hujjatlar va saylovoldi materiallari topilgani ortidan jinoiy shikoyat kiritishini ma’lum qildi.
Madyarning aytishicha, sobiq Qurilish va transport vazirligi binosi yerto‘lasi tozalanayotgan vaqtda 15–20 qop maydalangan hujjat aniqlangan. Ular bilan birga Viktor Orban boshchiligidagi Fidesz partiyasiga aloqador targ‘ibot materiallari ham topilgan.
Bosh vazir Facebook’da e’lon qilgan videoda maydalangan qog‘ozlar solingan qoplar, saylovoldi varaqalari va plakatlar aks etgan. Ularda “Fidesz, xavfsiz tanlov” shiori yozilgani aytilmoqda. Materiallar orasida sobiq vazirlik rahbari Yanosh Lazarga aloqador targ‘ibot mahsulotlari ham bo‘lgani xabar qilindi.
Madyarga ko‘ra, bu holat noqonuniy partiyaviy moliyalashtirish va davlat resurslaridan siyosiy maqsadlarda foydalanish bo‘yicha shubhalarni kuchaytiradi. “Bu masalalarni Davlat audit idorasi tekshirishi kerak edi. Albatta, politsiya ham tergov olib boradi”, dedi Peter Madyar.
Bosh vazir hukumati rasmiy jinoiy shikoyat kiritishini aytdi. U politsiya so‘roqlari yoki boshqa tergov harakatlari boshlangach, jamoatchilikka qo‘shimcha ma’lumot berilishini bildirdi. Bu ayblovlar Madyar hukumati ish boshlaganidan bir necha kun o‘tib yangradi. Yangi hukumat Viktor Orban ma’muriyati davridagi korrupsiya, vakolatni suiiste’mol qilish va davlat resurslaridan noto‘g‘ri foydalanish holatlarini tekshirishga va’da bergan.
Madyar avvalroq sobiq bosh vazir Orban va Fidesz vakillarini mamlakat qarzini oshirishda hamda korrupsiya orqali boyishda ayblagan edi. Uning ta’kidlashicha, Vengriyada davlat qarzi YAIMning qariyb 75 foiziga yetgan, 2023-yilda inflyatsiya 26 foizgacha ko‘tarilgan. Shu bilan birga, hukumat shartnomalari orqali ayrim oligarxlar o‘nlab milliard forint daromad olgan.
Qaynoq24.uz Vengriya Yevropa Ittifoqi mablag‘larini qaytarishni muhokama qilgani haqida yozgan edi.

