Toshkent metrosida yo‘lovchilar soni kuniga 1,8 mln nafarga yetkaziladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.
Toshkent metropolitenida yo‘lovchi tashish tizimi 2030-yilgacha bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Bekatlar soni 79 taga, liniyalar uzunligi esa 103 kilometrga yetkaziladi. Harakat intervali 2–3 daqiqagacha qisqartiriladi.
Qarorga ko‘ra, metropoliten infratuzilmasi kengaytiriladi. Bekatlar soni 79 taga yetkaziladi. Metro liniyalarining umumiy uzunligi esa 103 kilometrga olib chiqiladi. Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun poyezdlar qatnovi ham tezlashtiriladi. Harakat intervalini 2–3 daqiqagacha tushirish rejalashtirilgan. Bu bekatlarda tirbandlikni kamaytirishga xizmat qiladi.
2028-yil yakuniga qadar metro bekatlariga kirish joylari va bekatdan-bekatga o‘tish yo‘laklarida vending apparatlari o‘rnatiladi. Kichik ko‘chma savdo obyektlarini joylashtirish choralari ham ko‘riladi. Bunda asosiy e’tibor yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlashga qaratiladi. Savdo obyektlari faqat belgilangan tartib va xavfsizlik talablariga muvofiq joylashtiriladi.
Metro stansiyalari oldida “Park & Ride” tizimi ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu tizim haydovchilarga avtomobilini metro yaqinidagi avtoturargohda qoldirib, yo‘lni metroda davom ettirish imkonini beradi. Avtoturargohdan foydalangan yo‘lovchilarga metro chiptalari bo‘yicha chegirmalar berilishi nazarda tutilgan. Shuningdek, avtoturargoh to‘lovini metro chiptasi orqali qoplash mexanizmlari joriy etiladi.
Qarorga ko‘ra, xususiy tadbirkorlarga ham metro infratuzilmasida faoliyat yuritish imkoniyati beriladi. Ular metropoliten tunnellari va bekatlarida auksion orqali ijara asosida xavfsiz faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi.
Qaynoq24.uz Toshkentdagi yangi aeroportga alohida metro yo‘nalishi qurilishi haqida yozgan edi.

