Honor kompaniyasi 10 000 mA/soat batareyali yangi smartfon chiqaradi. Qurilma Honor X8 seriyasiga kirishi mumkin.
Digital Chat Station taxallusi bilan tanilgan insayder ma’lumotiga ko‘ra, kompaniya ikkita yirik tekis displeyni sinovdan o‘tkazmoqda. Ulardan biri 6,89 dyuymli ekran bo‘lib, 2K aniqlikka ega bo‘lishi aytilmoqda. Ikkinchi variant esa 7 dyuymli OLED panel bilan jihozlanishi mumkin.
7 dyuymli versiyada ekran aniqligi 1,5K bo‘lishi kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, X80 brendning so‘nggi modellaridagi asosiy yo‘nalishni davom ettiradi. Gap katta sig‘imli va yuqori energiya zichligiga ega akkumulyatorlar haqida ketmoqda.
Yangi smartfon batareyasi 10 000 mA/soatga yetishi mumkin. Bu avvalgi X70 modelidagi 8 300 mA/soat ko‘rsatkichidan ancha yuqori.
X80 seriyasi shu oyda taqdim etilishi kutilmoqda. Biroq hozircha uning to‘liq texnik xususiyatlari va avvalgi avloddan asosiy farqlari ochiqlanmagan.
Digital Chat Station avval ham bir qator smartfonlar bo‘yicha aniq ma’lumotlar bergan. U Xiaomi 15 va Xiaomi 15 Pro xususiyatlari, Realme GT 7 Pro ekrani hamda Dimensity 9400 chipi haqida oldindan xabar qilgan.
Qaynoq24.uz Honor 10 000 mA/soat akkumulyatorli smartfonini tayyorlayotgani haqida yozgan edi.


